Kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini noqonuniy sotgan shaxslar ushlandi

Ohangaron shahrida kuchli ta’sir qiluvchi dori vositalarini yashirincha sotish bilan shug‘ullangan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda Bosh prokuratura huzuridagi Departament xabar berdi.
Departamentning Ohangaron bo‘limi, Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro xonadonidan 1,8 ming dona «Regapen» nomli kuchli ta’sir qiluvchi dori vositasi topildi. U dorilarni keyinchalik dorixonalarda yashirincha sotish maqsadida «L-Arginine» nomli idishlarga solib qo‘ygan. Dori vositalari ashyoviy dalil sifatida olindi.
Shuningdek, Konimex tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbirda fuqaro boshqa bir fuqaroga 250 dona «Benzonal» dori vositasini sotayotgan vaqtida qo‘lga olingan.
Yana bir holatda Jalaquduq tumanida Departament va IIB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tadbirda fuqaro boshqa shaxsga tarkibida kuchli ta’sir qiluvchi modda mavjud bo‘lgan 10 dona «Regapen» va 10 dona «Tropikamid» dori vositasini 5 mln so‘mga sotayotgan paytda ushlangan.
Hozirda barcha holatlar yuzasidan tegishli tartibda tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Xovos tumani hokimi o‘rinbosari pora bilan qo‘lga tushgani haqida yozgan edi.