O‘zbekistonliklar sakkiz oyda go‘zallik salonlariga 8,1 trillion so‘m sarflagan

2025-yil yanvar – avgust oylarida O‘zbekiston bo‘yicha sartaroshxona va go‘zallik salonlari xizmatlari hajmi 8,1 trillion so‘mni tashkil etgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotiga ko‘ra, bu o‘tgan yildagiga nisbatan 11,1 foizga ko‘p.
Eng ko‘p mablag‘ Toshkent shahrida sarflangan – 1,4 trillion so‘m. Undan keyingi o‘rinlarda Farg‘ona (1,1 trillion so‘m) va Samarqand viloyati (1 trillion so‘m) qayd etilgan.
Shuningdek, Namangan, Toshkent va Andijon viloyatlarida ham go‘zallik xizmatlariga talab yuqori bo‘lgan. Eng kam xarajat esa Sirdaryo viloyatida 110,1 milliard so‘mni tashkil qilgan.
Bundan oldin Kursiv Uzbekistan 2025-yilning ommabop soqol uslublari haqida xabar bergandi. Unga ko‘ra so‘nggi paytlarda erkaklar orasida ko‘proq gradatsiyali, kalta, klassik, goatee va chin strap uslublari ommalashmoqda.