Qoraqalpog‘istonda 2 milliard dollar qiymatidagi 27 ta loyiha amalga oshiriladi

Yaqin yillarda Qoraqalpog‘istonda $2 milliardga yaqin 27 ta loyiha amalga oshiriladi. Bu haqda Saida Mirziyoyeva o‘z Telegram kanalida xabar berdi.
Prezident administratsiyasi rahbari Saida Mirziyoyeva 7-oktabr kuni Nukusda bo‘lib, yangi investitsiya va infratuzilma loyihalari bilan tanishdi. Unga ko‘ra, so‘nggi ikki yilda Qoraqalpog‘istonda 64 ta loyiha ishga tushib, besh mingdan ortiq odamlar ish bilan ta’minlandi. Yaqin yillarda esa qiymati $2 milliardga yaqin yana 27 ta loyiha amalga oshirilishi kutilmoqda. Bu orqali salkam 10 ming kishi ish topadi.
Shuningdek, Mirziyoyevaga hududdagi gaz ta’minoti, yo‘l qurilishi va biznesni rivojlantirishdagi muammolar haqida ham axborot berildi.
HealthTech AI Hackathon tanlovining keyingi bosqichi Samarqandda

Prezident administratsiyasi rahbari Nukusga rasmiy safari davomida HealthTech AI Hackathon tanlovining taqdirlash marosimida ham qatnashdi. Mazkur tanlovda 44 ta jamoa va 300 dan ortiq ishtirokchilar tibbiyot sohasida ilg‘or IT-yechimlar taqdim etdi.
Yoshlar texnologiyalar yordamida inson hayotini saqlab qolish, tashxis va davolashni yanada qulay qilish ustida ishlamoqda.
«Ishtirokchilar orasida o‘z g‘oyalarini dadil himoya qilayotgan, noyob mahsulotlar yaratayotgan va murakkab texnologiyalarni ishonch bilan o‘zlashtirayotgan qizlar ko‘pligidan mamnunman. HealthTech AI Hackathon – mamlakatimizning barcha hududlarini qamrab oladigan keng ko‘lamli AI Hackathon umummilliy loyihasining bir qismidir. 2026-yil yakuniga qadar unda minglab yosh mutaxassislar qatnashadi. Keyingi bosqich Samarqandda o‘tkaziladi», deydi Mirziyoyeva o‘z sahifasida.
Bundan oldin Istiqbolli loyihalar milliy agentligi (ILMA) direktorining birinchi o‘rinbosari Vyacheslav Pak Qoraqalpog‘istonda sun’iy intellekt yo‘nalishidagi loyihalarga umumiy qiymati $100 mln miqdorida imtiyoz va preferensiyalar ajratilishi haqida xabar bergandi. Ushbu qo‘llab-quvvatlash mexanizmi mayning sohasini ham qamrab oladi.