Qayta tiklanuvchi energiya manbalari ilk bor ko‘mirni ortda qoldirdi

Dunyo bo‘yicha quyosh va shamol stansiyalari kabi qayta tiklanuvchi energiya manbalari tarixda ilk bor ko‘mirga qaraganda ko‘proq elektr energiyasi ishlab chiqardi. Bu haqda Reuters agentligi ma’lum qildi.
Ember hisobotiga ko‘ra, 2025-yil yanvar – iyun oylarida qayta tiklanuvchi manbalar orqali 5 072 teravatt-soat (TVt⋅soat), ko‘mir orqali esa 4 896 TVt⋅soat elektr energiyasi ishlab chiqarilgan.
Tahlilchi Malgojata Vyatros-Motika bu holatni dunyo energetika tizimidagi burilish nuqtasi deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, quyosh va shamol energiyasi hozirda global elektrga bo‘lgan talabni qondira oladigan darajada tez o‘smoqda.
Ma’lumot uchun, Xitoyda quyosh energiyasi 43 foiz, shamol energiyasi 16 foizga oshgan, Hindistonda esa bu ko‘rsatkichlar mos ravishda 31 foiz va 29 foizni tashkil etgan. Natijada har ikki mamlakatda ko‘mir va gazdan foydalanish kamaygan.
Shunga qaramay, AQSh va Yevropa Ittifoqida energiyaga talab ortgani sababli ko‘mir va gaz ishlab chiqarish ko‘paygan. Shu tariqa global miqyosda qayta tiklanuvchi energiya manbalari birinchi marta yetakchilikni qo‘lga kiritdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda quyosh va shamol elektr stansiyalari yetti mlrd kVt·soat elektr ishlab chiqarilgani haqida xabar bergan edik.