
Rossiyaning premium gadjetlar ishlab chiqaruvchi Caviar kompaniyasi tomonidan yangi iPhone 17 Pro kolleksiyasi namoyish etildi. Yangilangan «Rossiya» seriyasi prezident Vladimir Putin tug‘ilgan kuniga bag‘ishlandi.
Kompaniya ma’lum qilishicha, yangi kolleksiyaga iPhone 17 Pro va 17 Pro Max’ning ikkita eksklyuziv versiyasi kiritilgan. Har biri prezidentning mashhur sitatalaridan birini ifodalaydi.

Caviar asosiy yangilik sifatida alyuminiy o‘rniga aviatsiya darajasidagi titan ishlatilganini ta’kidladi. Ularning fikricha, yangi iPhone’larning orqa qismi juda mo‘rt va tez tirnaladi. Shu sababli Caviar bu muammoni titan bilan himoya qilish orqali hal etgan.
Birinchi model «Butun hayotim — Rossiya» deb nomlanadi. Ushbu so‘zlar 2014-yil 24-oktabrda Putin tomonidan «Valday» klubi majlisida aytilgan edi. Qurilmaning orqa qismida bu jumla titan korpusga o‘yib yozilgan, bezaklar esa 999 probali oltin bilan qoplangan Rossiya gerbi, qoplon terisi va qora oniks toshlari bilan boyitilgan.

Ikkinchi model «Kuchli Rossiya» deb ataladi. Korpus titandan, bezaklar esa timsoh terisi, emal va kompozit toshlar bilan bezatilgan.
Har bir smartfon qo‘lda yasalgan maxsus futlyarda taqdim etiladi. Futlyarda Putinning mashhur chiqishlari aks etgan videolarni ko‘rsatuvchi ekran o‘rnatilgan.
Modellarning narxi $7,3 mingdan boshlanadi. Caviar tomonidan taqdim etilgan iPhone 17 Pro modelining qimmat versiyasini esa $8,2 mingga xarid qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri iPhone 17 Pro Max smartfonining texnik xususiyatlari va dizayni haqida yozgan edi.