«O‘zmetkombinat» 132,5 mln yevro miqdorida mablag‘ jalb qildi

«O‘zmetkombinat» AJ Quyuv-prokatlash majmuasining qurilishini yakuniga yetkazish maqsadida 7-yil muddatga 132,5 mln yevro miqdorida kredit shartnomasini imzoladi. Bu haqda kompaniya «Kursiv» nashriga ma’lum qildi.
Moliyalashtirish Buyuk Britaniyaning Standard Chartered Bank hamda Germaniyaning KfW IPEX-Bank GmbH tomonidan, Islom investitsiyalar va eksport kreditlarini sug‘urtalash korporatsiyasi (ICIEC) kafolati ostida tashkil etildi.
Ajratilgan mablag‘lar Quyuv-prokatlash majmuasining qurilishi, foydalanishga topshirilishi va ishga tushirilishi bilan bog‘liq xarajatlarni qoplash hamda qayta moliyalashtirish maqsadida yo‘naltiriladi.
Eslatib o‘tamiz, avgust oyida tadbirkor Bahodir Abdullayev tashkilot bosh direktor vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan 19-sentabrdan 26-sentabrgacha bo‘lgan davrda «O‘zmetkombinat» aksiyalari +0,50 foizga o‘sgani haqida yozgan edi.