Ikki advokat pora bilan qo‘lga tushdi

Toshkent va Surxondaryo viloyatlarida ikki advokat pora olish holatida qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati ma’lum qildi.
Toshkent shahrida faoliyat yurituvchi advokat Piskent tumanida yashovchi fuqaroga nisbatan jinoyat ishini yengillashtirish evaziga $3,7 ming olgan paytda DXX va Bosh prokuratura departamenti xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan ushlandi. Unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «a» bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bo‘yicha ish qo‘zg‘atildi.
Shuningdek, Surxondaryo viloyatining Denov tumanida faoliyat yurituvchi advokat ham fuqarodan 60 mln so‘m olayotganida qo‘lga olindi. U sud tizimidagi tanishlari orqali jinoyat ishida ayblanuvchiga yengil jazo tayinlashga va’da bergan.
Mazkur holat yuzasidan unga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi «v» bandi va 28, 211-moddasi 1-qismi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq prokuratura xodimlari 25 ming AQSh dollari olayotgan vaqtida qo‘lga olingani haqida xabar bergan edik.