
O‘zbekiston yo‘llarida har kuni uchratish mumkin bo‘lgan Chevrolet Cobalt ancha yillardan beri ishlab chiqarilmoqda va bugungi kunda eng ommabop sedanlardan biri sanaladi. Arzon narx, yoqilg‘i tejamkorligi va ishonchliligi tufayli u nafaqat oilaviy foydalanuvchilar, balki taksi haydovchilari orasida ham keng tarqalgan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Cobalt’ning afzalliklari va kamchiliklari, model haqida fikrlar tahlil qilinadi.
Ushbu maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:
Ishonchlilik va xizmat qulayligi
Salonda qulaylik va joy kengligi
Ishonchlilik va xizmat qulayligi
Cobalt o‘zining sodda, ammo mustahkam konstruksiyasi bilan ajralib turadi. 1,5 litrli 16-klapanli dvigatel 105 ot kuchi ishlab chiqaradi. Cho‘yan blokli motor 300 ming kilometrdan ortiq masofani bosib o‘tishga qodir. Mexanik yoki avtomatik 6 pog‘onali uzatma qutisi ham vaqt sinovidan o‘tgan.

Kuzov galvanik qoplamaga ega bo‘lgani uchun zanglashdan yaxshi himoyalangan. Hatto 10 yillik avtomobillar ham tashqi ko‘rinishini saqlab qolgan. Ehtiyot qismlarning mahalliy ishlab chiqarilishi servisni arzonlashtirgan. Shuning uchun ham Cobalt ta’miri va texnik xizmati oson, bu esa ayniqsa taksi haydovchilari uchun muhim ustunlikdir.
Tejamkor yoqilg‘i sarfi
Cobalt o‘z sinfida eng tejamkor sedanlardan biri sanaladi. Shahar ichida 100 km uchun o‘rtacha 9-10 litr, trassada esa atigi 6 litr benzin sarflaydi. Aralash siklda bu ko‘rsatkich 7 litr atrofida. Shu sababli mashina O‘zbekiston iqlim va yo‘l sharoitlariga juda mos tushadi.
Ko‘plab haydovchilar metan gaz (CNG) o‘rnatish orqali xarajatni yanada kamaytirgan. Katta yukxona gaz balloni o‘rnatilgandan keyin ham keng joy qoldiradi. Bu esa uzoq sayohatlarda yoki xizmat safarlarida qo‘shimcha qulaylik yaratadi.

Salonda qulaylik va joy kengligi
Cobalt tashqi dizayn bo‘yicha oddiy ko‘rinsa-da, salon ichida qulaylik seziladi. Besh kishi bemalol joylasha oladi, o‘rindiqlar baland joylashtirilgan, haydovchiga yo‘lni keng ko‘rish imkonini beradi.

Osma tizimi yumshoq va baland bo‘lgani sababli avtomobil notekis yo‘llarda zarbalarni yutib yuboradi. Haydovchilar aytishicha, chuqurlardan o‘tayotganda ham mashina zarbani sezdirmaydi. Katta klirens qishloq yo‘llarida harakatlanishni osonlashtiradi, 536 litrlik yukxona esa Cobalt’ni oilaviy yoki xizmat avtomobili sifatida ideal tanlovga aylantirgan.
Narx va jihozlanish
Cobalt o‘z segmentida narx va sifat nisbatida kuchli raqobatchi. Eng yuqori komplektatsiyalarda raqamli asboblar paneli, konditsioner, Bluetooth tizimi va o‘rindiq isitgichi mavjud. Bularning barchasi nisbatan arzon narxda taqdim etiladi.
Kamchiliklar haqida
Salon sifati va shovqin izolyatsiyasi
Cobalt budjet toifasiga kirgani sababli, salonida asosan qattiq plastmassa ishlatilgan. Vaqt o‘tgan sayin ichki qismlardan g‘ichirlagan ovozlar eshitilishi mumkin. Shovqin izolyatsiyasi ham zaif. Yo‘l va dvigatel tovushi salon ichiga oson kiradi. Ayrim egalari bu muammoni hal etish uchun qo‘shimcha shovqin izolyatsiyasini o‘rnatgan.

Ko‘rish burchagi va qulayliklar
Orqa qismining balandligi sababli parklanish paytida orqani ko‘rish qiyin. Zavodda parktronik yoki orqa kamera o‘rnatilmagan. Bundan tashqari, g‘ildirak usti bryzgoviklarining yo‘qligi va yukxonaning faqat pult orqali ochilishi ham noqulaylik keltiradi.
Ba’zi haydovchilar o‘rindiq isitgichi har doim barqaror ishlamasligini ham aytishgan.
Dinamika va boshqaruv
Cobalt’ning yumshoq osma tizimi qulaylik bersa-da, yuqori tezlikda boshqaruvchanlikni pasaytiradi. 1,5 litrli dvigatel shahar uchun yetarli, ammo to‘liq yuklanganda tezlanish sustroq. Shuningdek, avtomobilda zamonaviy xavfsizlik tizimlari, masalan ESP, mavjud emas. Faqat ABS va ikki havo yostig‘i bilan cheklangan.

Haydovchilar fikrlari
Samarqandlik 25 yoshli Usmon Rafiqovning aytishicha, Cobalt keng ichki sig‘imi bilan xaridorlarga yoqadi.
«U keng ichki sig‘imga ega. Kursilardagi yumshoqlik uzoq yo‘lda yuruvchilar uchun ham yoqimli bo‘ladi. Kamchiliklari bor, ammo o‘z segmentida u yetakchilardan biri», – deydi u.
Yana bir haydovchi Saidakbar Rasulovning qayd etishicha, ayrim hollarda haydovchilar o‘rindiq isitgichi har doim barqaror ishlamaydi.
«Avtomobilning salonida asosan qattiq plastmassa ishlatilgan bo‘lishi mumkin. Vaqt o‘tgan sayin ichki qismlardan g‘ichirlagan ovozlar eshitiladi», – deydi u.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Onix avtomobilining kamchiliklari haqida yozgan edi.