Avtomobilni buzadigan 6 ta xato

10-oktabr 2025 13:01 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Avtomobilni buzadigan 6 ta xato
Avtomobilni buzadigan 6 ta xato / Rasm SI yordamida yaratilgan

Avtomexanik va Germancardepot portali asoschisi Alan Gelfand avtomobilni buzadigan 6 ta xato haqida ogohlantirdi.

Qanday xatolarni qilmaslik kerak:

Motor moyini vaqtida almashtirmaslik

Foto: Car and driver

Ko‘plab haydovchilar ishlab chiqaruvchi belgilagan muddatdan kechroq moy almashtirishni odat qilgan. Alan Gelfandning aytishicha, bu eng xavfli xatolardan biridir. Hatto eng sifatli sintetik moy ham vaqt o‘tishi bilan o‘z xususiyatini yo‘qotadi. Agar moy vaqtida almashtirilmasa, dvigatel ichida cho‘kindilar to‘planib, yog‘ aylanishini to‘sadi. Natijada ishqalanish ortadi va butun motorni almashtirishga to‘g‘ri keladi. Shuning uchun texnik reglamentda ko‘rsatilgan oraliqlarni buzmaslik juda muhim.

Ogohlantiruvchi chiroqni e’tiborsiz qoldirish

Foto: Z Auto Service

Ko‘pchilik haydovchilar panelda paydo bo‘ladigan kichik sariq «Check Engine» (ogohlantiruvchi) belgisini jiddiy qabul qilmaydi. Gelfand ogohlantiradiki, bu belgining yonishi — avtomobil tizimida muammo borligidan darak. Masalan, yonilg‘i aralashmasi noto‘g‘ri, ateşlashda uzilish yoki sensor ishdan chiqqan bo‘lishi mumkin. Muammoni vaqtida hal qilmaslik katalizator yoki hatto butun dvigatelning ishdan chiqishiga olib keladi. «Bir qarashda arzimas deb o‘ylanadigan nosozlik aslida butun tizimni buzadi», — deydi mutaxassis.

Shinalarga e’tiborsizlik

Foto: Ochiq manbalar

Gelfandning so‘zlariga ko‘ra, shinalarga nisbatan beparvolik — xavfsizlikka to‘g‘ridan-to‘g‘ri tahdid. Eskirgan yoki bosimi normadan past shinalar yo‘l bilan tishlashuvni kamaytiradi, bu esa nafaqat yoqilg‘i sarfini oshiradi, balki tormoz tizimi va osma qismlarining tez eskirishiga sabab bo‘ladi. Har oyda shina bosimini o‘lchash va har 8–11 ming kilometrda ularni almashtirish tavsiya etiladi. Aks holda, portlash yoki sirpanish oqibatida avariya yuz berishi mumkin.

Tormoz tizimini kechiktirib ta’mirlash

Foto: Autonation mobile service

«Consumer Reports» ma’lumotlariga ko‘ra, har beshinchi haydovchi tormoz tizimining profilaktikasini kechiktiradi. Bu esa nafaqat xavfli, balki qimmatga ham tushadi. Gelfand eslatadi: tormoz kolodkalarini o‘z vaqtida almashtirish butun tizimni ta’mirlashdan bir necha baravar arzon. Agar tormoz bosilganda g‘ichirlash yoki titrash paydo bo‘lsa, bu xizmat ko‘rsatish markaziga zudlik bilan murojaat qilish kerakligidan dalolat beradi.

Sovitish tizimiga e’tiborsizlik

Foto: Motorgy

Sovitish tizimi mashinaning yurak qismi — dvigatelni haddan tashqari qizib ketishdan himoya qiladi. Uni vaqtida tozalamaslik yoki antifrizni almashtirmaslik radiator, suv nasosi va silindr blokida korroziyaga sabab bo‘ladi. Bu holat ko‘pincha motorning qimmat ta’miriga olib keladi. Mutaxassislar har 2-3 yilda bir marta sovitish tizimini yuvish va antifrizni yangilashni tavsiya etishadi.

Arzon yoki «nooriginal» ehtiyot qismlardan foydalanish

Foto: Ochiq manbalar

Ko‘plab haydovchilar arzonroq narxdagi filtr, tormoz disklari yoki sensorlarni tanlaydi. Ammo mexanikning fikricha, bunday «tejash» uzoq davom etmaydi. Nooriginal detallar tezda eskiradi, hatto boshqa tizimlarga zarar yetkazishi mumkin. Shuning uchun faqat original yoki ishonchli brendlar ishlab chiqargan ehtiyot qismlarni tanlash kerak.

Avvalroq Chevrolet Cobaltning afzalliklari va kamchiliklari haqida yozgan edik.

Shuningdek