
Xitoyning BYD kompaniyasi tomonidan BYD Yangwang U7 elektromobiliga tegishli yangi hujjatlarni sanoat va axborot texnologiyalari vazirligiga (MIIT) topshirdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Hujjatlarda modelning yangilangan versiyasi quvvat jihatidan sezilarli o‘sishga ega bo‘lishi ko‘rsatilgan. Endi avtomobilning umumiy quvvati 960 kVt (1287 ot kuchi) o‘rniga 1 000 kVt (1341 ot kuchi) ga teng bo‘ladi.
O‘lchamlar va texnik tafsilotlar
Yangilangan U7’ning uzunligi 5360 mm, eni 2000 mm, balandligi 1515 mm, g‘ildiraklar bazasi esa 3200 mmni tashkil etadi. Avtomobilning umumiy og‘irligi 3223 kg.ga teng.

Model BYD’ning 2,0 litrli BYD4H20 benzin dvigateli bilan jihozlanadi, u 200 kVt quvvat ishlab chiqaradi. Eng muhim yangilik — bu elektr yuritma tizimi: endilikda avtomobil to‘rtta doimiy magnitli sinxron elektromotor bilan ishlaydi, ularning har biri 260 kVt, 260 kVt, 240 kVt va 240 kVt quvvatga ega.
Batareya va texnologiyalar
Yangwang U7 litiy-temir-fosfat (LFP) batareyalaridan foydalanadi. Batareya xujayralari Guangxi Findreams Battery Co., Ltd. tomonidan ishlab chiqariladi, yig‘ish jarayoni esa Changsha Findreams Battery Co., Ltd. kompaniyasiga tegishli.
Bu model dunyoning birinchi to‘rtta elektromotorli hashamatli sedani sifatida tanilgan. Unda BYD kompaniyasining ilg‘or DiSus-Z elektromagnit osma tizimi o‘rnatilgan. Bu tizim elektromagnit prinsiplarga asoslanib, ilgari aviatashuvchi kemalarda va magnit poyezdlarda qo‘llanilgan texnologiyalarni avtomobil sanoatiga olib kirgan.

DiSus-Z tizimi lazer va kamera datchiklaridan olingan ma’lumotlar orqali yo‘l holatini yarim soniya oldindan aniqlaydi. Natijada avtomobil osma tizimi avtomatik tarzda balandlik va qattiqlikni o‘zgartiradi, bu esa yurish sifatini ancha yumshoq va barqaror qiladi.
Yangwang brendi va narx siyosati
Bu model brendning uchinchi modeli bo‘lib, undan avval U8 SUV va U9 sportkari taqdim etilgan edi. U7’ning boshlang‘ich narxi 628 ming yuan (taxminan 87 ming AQSh dollari) etib belgilangan. Model Mercedes-Benz S-Class, BMW 7 Series va Audi A8L kabi hashamatli sedanlar bilan bir qatorda raqobatlashishni maqsad qilgan.
BYD Yangwang U7 o‘zining texnologik innovatsiyalari, elektromagnit boshqaruv tizimi va qudratli elektr yuritmasi bilan premium segmentda yangi raqobat darajasini belgilashi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri O‘FA BYD avtomobillari sabab 340 ming dollar jarimaga tortilgani haqida yozgan edi.