Tinchlik bo‘yicha 2025-yilgi Nobel mukofoti Mariya Korina Machadoga berildi

eʼlon qilindi
Foto: Niklas Elmehed / Nobel Prize Outreach

2025-yilda Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti Venesuela muxolifati yetakchisi Mariya Korina Machadoga nasib etdi.

Nobel qoʻmitasi uning «Venesuela xalqining demokratik huquqlari uchun olib borgan tinimsiz kurashi va mamlakatni diktaturadan demokratiyaga tinch yoʻl bilan oʻtkazish yoʻlidagi sa’y-harakatlarini» e’tirof etib, mukofotni topshirganini ma’lum qildi.

Qoʻmita bayonotida ta’kidlanishicha, Machado zulmat kuchaygan bir paytda demokratiya uchun kurashayotgan jasur ayol sifatida Lotin Amerikasida fuqarolik jasoratining eng yorqin timsollaridan biriga aylangan. U Venesueladagi siyosiy muxolifatni birlashtirishga, erkin saylovlar va fuqarolik boshqaruvini tiklashga qaratilgan harakatlarga bosh boʻlgan.

Machado 2011 – 2014-yillarda Venesuela Milliy assambleyasi a’zosi boʻlgan, 2012-yilda prezidentlik saylovlarida nomzod sifatida ishtirok etgan. 2014-yilda u Nikolas Maduroning hukumatiga qarshi namoyishlarda faol qatnashgan. 2024-yil yanvar oyida Venesuela Oliy sudi uni 15 yil muddatga saylovlarda ishtirok etish huquqidan mahrum qilgan, soʻngra u siyosiy ta’qiblar sababli mamlakatni tark etishga majbur boʻlgan.

Eslatib oʻtamiz, 2024-yilgi Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti Yaponiyaning Xirosima va Nagasakidagi atom bombardimonlari qurbonlarini birlashtirgan Nihon Hidankyo tashkilotiga topshirilgan edi. Mukofot «yadro qurollaridan boshqa hech qachon foydalanmaslik zarurligini isbotlagani uchun» berilgan.

2025-yilgi «Nobel haftaligi» 6-oktabrda boshlangan boʻlib, bungacha tibbiyot, fizika, kimyo va adabiyot yoʻnalishlari boʻyicha laureatlar eʼlon qilingan. Tinchlik mukofotidan soʻng iqtisodiyot boʻyicha Nobel mukofoti 13-oktabr kuni eʼlon qilinadi, sovrindorlarni taqdirlash marosimi esa 10-dekabr kuni Stokgolmda boʻlib oʻtadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Adabiyot boʻyicha Nobel mukofoti vengriyalik yozuvchi Laslo Krasnaxorkaiga berilgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek