Sirdaryodagi 398 ta xususiy bog‘chada sanitariya talablari buzilgani aniqlandi

eʼlon qilindi
Sanitariya qoidalarini buzgan 329 kishi sud qarori bilan 333 mln so‘m jarimaga tortildi
Foto: UzA

Sirdaryo viloyatidagi 398 ta xususiy va oilaviy bog‘chada o‘tkazilgan sanitariya nazoratida qator qoidabuzarliklar aniqlandi. Bu haqda UzA xabar berdi.

Tekshiruvlar Sirdaryo viloyati hokimligi hamda tegishli idoralar ishtirokida o‘tkazilgan. Ularning maqsadi bolalar uchun yaratilgan sharoitlarning sanitariya-gigiyena me’yorlariga qanchalik javob berishini aniqlash bo‘lgan.

Natijalarga ko‘ra, ko‘plab bog‘chalarda oshxonalar ta’mirtalab, suv ta’minotida uzilishlar mavjud, qo‘l yuvish uskunalari yetarli emasligi aniqlangan. Shuningdek, ayrim muassasalarda xodimlar va bolalar belgilangan tibbiy ko‘rikdan o‘tmagani, yotoqxona jihozlari eskirgani va xonalar ta’mirga muhtoj ekani qayd etilgan.

Kamchiliklar asosida bir necha bog‘chalarning faoliyati vaqtincha to‘xtatildi. Bu chora-tadbirlar bolalar uchun xavfsiz va sog‘lom muhit yaratish, shuningdek, sanitariya talablariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash maqsadida qo‘llanilgan.

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi qo‘mitasining Sirdaryo viloyati boshqarmasi boshlig‘i Jo‘rabek Hasanovning ma’lum qilishicha, sanitariya qoidalarini buzgan 329 nafar mas’ul shaxsga sud organlari tomonidan 333 million so‘m miqdorida ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Forish tumanidagi davlat bog‘chalarida 37 nafar bola ovqatdan zaharlangani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek