Garov reyestr ishida qanday o‘zgarishlar kutilmoqda

O‘zbekistonda garov reyestrining ishi takomillashtiriladi. Bu haqda 13-oktabr kuni Markaziy bankda investorlar ishtirokida bo‘lib o‘tgan davra suhbatida ma’lum qilindi.
Mazkur uchrashuvdan so‘ng Markaziy bank huzuridagi «Garov reyestri» DUK rahbari Alimardon Adilov garov reyestrida kutilayotgan o‘zgarishlar haqida Kursiv Uzbekistan muxbiriga ma’lumot berdi.
Unga ko‘ra, investorlar hozirgi garov reyestri tizimini zamon talablari asosida modernizatsiya qilish, moliyaviy xizmatlar, jumladan, faktoring va muddatli to‘lov operatsiyalarini yanada rivojlantirish lozimligini ta’kidlagan.
Shuningdek, notariuslar bilan bog‘liq masalalar, xususan, banklarga garovga qo‘yilgan mol-mulk bo‘yicha taqiq qo‘yish huquqini berish va birlamchi hamda ikkilamchi bozorlarda operatsiyalarni tartibga solish masalalari muhokama qilindi.
Bundan tashqari, uchrashuvda xorijiy mamlakatlar tajribasi ham tahlil qilinib, investorlar va xalqaro ekspertlarning maslahatlari garov reyestrini takomillashtirishda muhim rol o‘ynashi qayd etildi.
Idoralararo integratsiya kengaymoqda

Bugungi kunda garov reyestri tizimini elektron hukumat tizimi bilan integratsiya qilish ishlari olib borilmoqda. Bu esa ma’lumotlarning aniqligi va haqqoniyligini oshirishga xizmat qiladi.
Adilovning so‘zlariga ko‘ra, Markaziy bank tomonidan Vazirlar Mahkamasining tegishli qarorlariga o‘zgartirish kiritish bo‘yicha loyihalar ishlab chiqilgan. Ushbu loyihalarda idoralararo elektron tizimlarga ulanish masalasi ham nazarda tutilgan.
Hozirda garov reyestri tizimi:
- Adliya vazirligining notarial idoralari,
- Ichki ishlar vazirligining Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi,
- my.gov.uz
- Kredit axboroti tizimi,
- Kadastr agentligi,
- va faktoring operatsiyalari uchun elektron platforma bilan integratsiyalashgan.
Masalan, faktoring platformasi orqali foydalanuvchilar elektron tarzda yozuvlar kiritish va garovga qo‘yilgan aktivlar bo‘yicha ma’lumot olish imkoniyatiga ega.
Kelgusida yagona elektron tizim joriy etiladi
Kelgusida barcha idoralar yagona elektron hukumat tizimi orqali o‘zaro hamkorlik qiladi. Bu orqali garov reyestriga kiritilayotgan har bir yozuvning haqqoniyligi va ma’lumotlar sifati yanada oshiriladi.
«Keyingi rejalarimizda hukumatlararo yagona elektron tizim bilan integratsiya qilish masalasini ko‘taryapmiz. Albatta, bu yo‘lga qo‘yilsa o‘sha garov reyestri tizimiga qo‘yilgan har bir ma’lumotlarni tekshirish yo‘lga qo‘yiladi. Ya’ni haqiqatdan o‘sha bazada borligi, uning haqqoniyligi va ma’lumotlar sifati oshiriladi. Hozirda hammasi bilan alohida hamkorlik qilinadi, agar bu yo‘lga qo‘yilsa hamkorlik hammasi bilan bitta tizimda bo‘ladi», — deydi Alimardon Adilov.
Avvalroq Raqobat qo‘mitasi kredit kartalaridan kommunal xizmatlar, ta’lim, tibbiyot, sug‘urta va soliqlar uchun undirilayotgan foiz va komissiyalar bo‘yicha Markaziy bankka so‘rov yuborgandi. Unga ko‘ra, so‘nggi vaqtlarda ayrim davlat va nodavlat tijorat banklari kredit kartalaridan foydalanishda ayrim to‘lovlarni naqd pul yechish bilan tenglashtirib, ulardan foiz va komissiya undirayotgani fuqarolarda e’tiroz uyg‘otmoqda.