Ijtimoiy kartalar orqali to‘langan xaridlar uchun QQS avtomatik qaytarilmoqda

1-oktabrdan boshlab Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida ijtimoiy kartalar orqali amalga oshirilgan xaridlar uchun qo‘shimcha qiymat solig‘i (QQS)ni avtomatik qaytarish tizimi ishga tushdi.
Ilgari buning uchun xaridorlar QR-kodni skanerlashi kerak edi. Endi esa tizim avtomatik tarzda ishlaydi.
Ushbu imkoniyat kam ta’minlangan va ehtiyojmand oilalar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ular Yagona ijtimoiy himoya reyestriga kiritilgan bo‘lishi kerak.
Vaqtincha tartibga ko‘ra, bunday oilalarga har oy 10 baravar BHM (4,12 mln so‘m) miqdorigacha bo‘lgan xaridlardan QQS (12 foiz) summasi qaytariladi. Bitta xarid bo‘yicha eng ko‘p qaytariladigan summa 494,4 ming so‘mni tashkil etadi.
QQS qaytarilishi mumkin bo‘lgan tovar va xizmatlar ro‘yxatiga quyidagilar kiradi: qo‘y go‘shti, parranda go‘shti, mol go‘shti, tuxum, o‘simlik yog‘i, un, shakar, dori vositalari hamda tibbiy xizmatlar.
Qaytarish jarayoni quyidagicha amalga oshiriladi: xarid amalga oshirilgan kuni Davlat soliq qo‘mitasi ariza shakllantirib, uni Iqtisodiyot va moliya vazirligiga yuboradi. Vazirlik mablag‘ni g‘aznachilik orqali soliq qo‘mitasi hisobiga o‘tkazadi, shundan so‘ng pul ijtimoiy karta egasining hisobiga bir ish kuni ichida tushadi.
Endilikda xaridorlar QR-kodni skanerlashga hojat sezmaydi. To‘lovdagi QQS summasi to‘liq qaytariladi (ilgari 1 foiz qaytarilardi).
QQS qaytarish rad etilishi mumkin bo‘lgan holatlar:
- chekda xatolik yoki soxtalashtirish aniqlansa;
- tovar ro‘yxatda bo‘lmasa;
- xarid miqdori belgilangan limitdan oshsa;
- identifikatsiya kodi yoki shtrix-kod noto‘g‘ri bo‘lsa.
Agar xarid uchun QQS allaqachon qaytarilgan bo‘lsa, tadbirkor chekni o‘zgartira olmaydi. Faqat QQS summasi yana budjetga qayta o‘tkazilgandagina bu istisno sifatida ruxsat etiladi.
Avvalroq ijtimoiy karta orqali xarid qilinganda QQSni qaytarish soddalashtirilishi haqida yozgan edi.