Yevropa Ittifoqi davlatlari raqamli chegara tizimini joriy qilishni boshladi

Yevroittifoq mamlakatlari boshqa davlat fuqarolari uchun yangi kirish-chiqish tizimini (Entry/Exit System – EES) bosqichma-bosqich ishga tushira boshladi. Bu haqda Reuters xabar berdi.
EES tizimiga ko‘ra, sayohatchilar chegaradan o‘tishda pasportlarini skanerdan o‘tkazib, barmoq izlari va yuz suratlarini topshirishlari kerak bo‘ladi.

Yangi tizimning asosiy maqsadi — vizasi tugagan bo‘lsa ham mamlakatda qolayotganlarni aniqlash, shaxsni soxtalashtirish holatlarining oldini olish va noqonuniy migratsiyani kamaytirishdan iborat.
Endilikda Yevropa Ittifoqiga kirmaydigan davlat fuqarolari birinchi marta Schengen hududiga kirishda shaxsiy ma’lumotlarini ro‘yxatdan o‘tkazishlari kerak. Keyingi safarlarda esa faqat yuzni skanerlash orqali kirishadi.
Tizim to‘liq 2026-yil 10-aprelgacha ishga tushiriladi. Shu vaqtdan boshlab pasportga muhr bosish o‘rniga elektron qaydlar yuritiladi.
Chegaralarda yangi tizim sinov tariqasida ishlay boshlagan. Masalan, Serbiya va Xorvatiya o‘rtasidagi Bajakovo chegara punktida haydovchilar 20 daqiqacha navbatda turib, barmoq izi va yuz suratini topshiradi.

Buyuk Britaniyada esa Dover porti, Eurotunnel va Londonning St. Pancras vokzalida EES tizimi bosqichma-bosqich joriy etilmoqda. Dastlab yuk mashinalari va avtobuslar tekshirilmoqda, noyabr oyidan esa ushbu tizim yengil avtomobillar uchun ham tatbiq etiladi.
Avvalroq deport qilinganlarga xorijga chiqish pasporti berish tartibi belgilangani haqida xabar qilingandi. Unga ko‘ra, readmissiya qilingan shaxslar haqidagi ma’lumotlar Migratsiya va personallashtirish departamenti (MvaPD) tomonidan «Pasport-viza» axborot tizimiga kiritiladi.