O‘zbekcha «Amerika kasalligi». Nega go‘sht qimmatlashmoqda

2019-yilda Fermerlar kengashi rahbari Aktam Hayitov go‘sht narxining oshishini uning ortiqcha iste’mol qilinishi bilan izohlagan edi.
«Go‘sht narxi nega qimmatlab ketyapti deb o‘ylaysizlar? To‘g‘ri, ozuqa yetishmasligi birinchi sabab, ikkinchidan, bugun biz juda ko‘p go‘sht iste’mol qilyapmiz. Shunchalik ko‘p go‘sht yemoqdamizki, buning natijasida ko‘pgina kasalliklar paydo bo‘lyapti.
«Buni «Amerika kasalligi» deyishadi, bu kasallik menda ham bor, hammamizning tanamizda ortiqcha go‘sht bor», — degandi Hayitov.
Bu so‘zlar ijtimoiy tarmoqlarda katta shov-shuvga sabab bo‘ldi — ko‘pchilik buni milliy taomlarga nisbatan ta’na sifatida qabul qildi.
Ammo oradan olti yil o‘tgach, «Amerika kasalligi» degan ibora ramziy ma’noda haqiqatga aylangandek — bugun go‘sht ko‘plab oilalar uchun hashamat mahsuloti bo‘lib qolmoqda.
Farg‘ona viloyatida yashovchi Javlon Sidiqovning aytishicha, uning oilasi palov tayyorlayotganda go‘shtni ko‘pincha tuxum yoki tovuq go‘shti bilan almashtiradi:
«Parhez palov bo‘ladi. Sho‘rvani esa ilik suyagidan pishiramiz – u ancha arzon, lekin sabzavotlar bilan mazali chiqadi», — deydi Javlon.
Go‘sht narxi nafaqat bozorlarda, balki internetda ham keng muhokama qilinmoqda. Kursiv Uzbekistan esa go‘sht nega qimmatlashayotgani, fermerlar qanday muammolarga duch kelayotgani va xaridorlarning iste’mol odatlari qanday o‘zgarayotganini o‘rgandi.

Go‘sht narxi qanday o‘zgardi?
Facebookʼdagi mashhur «Potrebitel.uz» guruhida (300 mingdan ortiq obunachi) foydalanuvchilar so‘nggi 12 yil ichida mol go‘shti narxining o‘zgarishini tahlil qilib chiqishdi. Hisob-kitoblarga ko‘ra, bu davr mobaynida mol go‘shtining o‘rtacha narxi deyarli besh baravarga oshgan:
- 2013-yil – 25 ming so‘m;
- 2018-yil – 46 ming so‘m;
- 2022-yil – 90 ming so‘m;
- 2025-yil (mart) – 140 ming so‘m.
Bugungi kunda esa Toshkent bozorlarida bir kilogramm mol go‘shti 170 ming so‘mdan 180 ming so‘mgacha, qo‘y go‘shti esa taxminan 10 ming so‘mga arzonroq.
Tovuq go‘shti uzoq vaqt davomida arzon bo‘lib kelgan, biroq 2023-yildagi narxlarning keskin oshishidan so‘ng u ham qimmatlashdi. Hozirgi kunda bir kilogramm tovuq go‘shti 40 ming so‘mdan 65 ming so‘mgacha turadi.

Jahon oziq-ovqat tashkiloti (FAO) ma’lumotlariga ko‘ra, o‘zbekistonliklar yiliga o‘rtacha 42,4 kg go‘sht iste’mol qiladi. Bu ko‘rsatkich dunyo bo‘yicha o‘rta darajaga yaqin.
Taqqoslash uchun, Mo‘g‘ulistonda – 132 kg, AQShda – 123 kg, Afrikaning Burundi davlatida esa — 4 kg kam.
Jahon tendensiyalari va mahalliy muammolar
Go‘sht narxi nafaqat O‘zbekistonda, balki butun dunyo bo‘ylab oshib bormoqda. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yil oktabr oyida jahon bozorida mol go‘shtining narxi 1 kilogramm uchun 6,9 dollarga yetgan.
Narx oshishining asosiy sabablari quyidagilardan iborat:
– qurg‘oqchilik va iqlim o‘zgarishlari,
– yaylovlarning qisqarishi,
– yem-xashak narxining oshishi,
– AQSh va Xitoy kabi yirik importchilar talabining ortishi.
O‘zbekistonda esa muammo chuqurroq ildiz otgan. Iqtisodchi Yuliy Yusupovning ta’kidlashicha, mahalliy fermerlar mustaqil ravishda nima ekishni o‘zlari tanlay olishmaydi.
«Ular paxta va g‘alla bo‘yicha davlat buyurtmasini bajarishga majbur. Hokimlar ushbu ekinlar bo‘yicha hosilni davlatga topshirish rejalarining bajarilishiga javobgar. Shuning uchun eng unumdor yerlar paxta va g‘allaga ajratiladi, ozuqa ekinlari esa kam hosilli yerlarda yetishtiriladi», — deydi iqtisodchi.
Statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 1991-yilda yem-xashak ekinlari maydoni 1 millionga oshgan bo‘lsa, 2018-yilga kelib, bu ko‘rsatkich deyarli to‘rt baravarga kamayib, 242,7 ming tashkil qilgan.

Bu holat bevosita go‘sht narxiga ta’sir ko‘rsatmoqda, ozuqa mahsulotlari qimmatlashmoqda, natijada go‘sht mahsulotlari narxi ham oshmoqda. Ayniqsa, 2024-yil kuzidan boshlab shprot, sheluxa va omixta yem narxlari keskin ko‘tarilgan.
Bunga qo‘shimcha ravishda, mamlakatning janubiy va g‘arbiy hududlarida tobora kuchayib borayotgan elektr energiyasi, yonilg‘i va suv ta’minotidagi uzilishlar ham go‘sht ishlab chiqaruvchilarga qo‘shimcha xarajatlarni yuklamoqda.
Go‘sht — oilaviy mehnat mahsuli
2023-yilda O‘zbekistonda 2,8 mln tonna, 2024-yilda esa 2,1 mln tonna mol go‘shti ishlab chiqarilgan. Bu hajmning deyarli barchasi dehqon va tomorqa xo‘jaliklari hissasiga to‘g‘ri keladi – taxminan 2 mln tonna.
Qolgan qismini esa:
– fermer xo‘jaliklari — 112 ming tonna,
– ixtisoslashtirilgan agrofermalar — 63 ming tonna mahsulot bilan ta’minlagan.
Import qilingan go‘sht: arzonroq, lekin ommabop emas
2025-yilning yanvar – avgust oylarida O‘zbekiston 152,7 ming tonna go‘sht import qilgan.
Shundan 98 ming tonnasi mol go‘shti bo‘lib, $399 mln dollarga teng bo‘lgan. Bu o‘tgan yilga nisbatan deyarli ikki baravar ko‘p. Asosiy go‘sht yetkazib beruvchi davlatlar: Mo‘g‘uliston, Belarus, Hindiston, Pokiston.

Import qilingan go‘shtning narxi mahalliy go‘shtga nisbatan arzonroq bo‘lsa-da, u ommabop emas. Bunga iste’molchilarning sifatsizlikdan xavotiri, did farqlari va ba’zan diniy e’tiqodlar sabab bo‘lmoqda.
Import go‘shti chindan ham arzon, lekin unga munosabat turlicha. «Potrebitel.uz» guruhida bu borada shunday fikrlar yoziladi:
«Belorus go‘shti a’lo, olamiz»
«Pokiston va Hindistonniki – qattiq va hidi bor, bu qo‘tas go‘shti»
Iqtisodchi Shuhrat Boboxo‘jayevning fikricha, hozircha import go‘sht narxlarning o‘sishini to‘xtata olmaydi, chunki uning bozordagi ulushi bor-yo‘g‘i 3 foiz atrofida. Bu esa narxga jiddiy ta’sir o‘tkazish uchun juda kam.
«Gipotetik jihatdan uchta yo‘l bor: mamlakat ichida ishlab chiqarish hajmini keskin oshirish, yoki go‘sht importini sezilarli darajada ko‘paytirish, yoki har ikkala variantni birlashtirish», – deydi ekspert.
Mutaxassis prognoziga ko‘ra, keyingi narx o‘sishi parrandachilik sohasida bo‘lishi mumkin, chunki unga bo‘lgan talab tez sur’atlarda oshmoqda.
O‘sib borayotgan narxlar o‘zbekistonliklar ratsionini qanday o‘zgartirmoqda?
2024-yilda O‘zbekistonda tovuq go‘shti ishlab chiqarish hajmi 310,9 ming tonnani tashkil etdi. Bu umumiy go‘sht ishlab chiqarishning qariyb 10 % teng.
Qashqadaryo, Surxondaryo viloyatlari va Qoraqalpog‘istonning qishloq joylarida deyarli har bir xonadon kurka boqadi. Ammo Farg‘ona vodiysi va Toshkentda kurka go‘shti hali keng ommalashmagan.
Mutaxassislarning fikricha, parranda va kurka go‘shtiga talab ortib boradi, chunki ular oqsilning eng arzon manbalaridan biri bo‘lib qolmoqda.
«Lekin bu go‘sht darhol bozor rastalarida ko‘payib qolmaydi. Buning uchun ishlab chiqarish maydonlarini, infratuzilmani va yem bazasini kengaytirish uchun vaqt kerak», — deya tushuntiradi Boboxo‘jayev.
Yomg‘ir kutayotgan otboqarlar
Qashqadaryo viloyati O‘zbekistonda an’anaviy go‘sht yetkazib beruvchi hudud sifatida tanilgan. U Samarqand va Toshkent viloyatlari bilan birga poytaxtga go‘sht yetkazib berish bo‘yicha yetakchi uchlikka kiradi.
Ko‘kdala tumanining Arabandi qishlog‘ida yashovchi 21 yoshli Jasur Kuchakov oilaviy chorvachilik bilan shug‘ullanadi. U otasi va akasi bilan birgalikda buqa, ot va qo‘chqor boqadi, ularni esa keyinchalik Toshkent bozorlariga sotish uchun jo‘natadi.

Yaqinda Jasur 5 bosh ot va 26 bosh qo‘chqorni poytaxtga yubordi va sotuvidan qoniqdi. Xaridorlar buqa so‘rab murojaat qilishdi, biroq ular hali semirish bosqichida — uch haftadan keyin bozorga tayyor bo‘ladi.
«Go‘shtdor yilqichilik – foydali biznes. Toshkentda ot go‘shtiga talab juda yuqori», — deydi Jasur.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bir yil davomida ularning oilasi poytaxtga 20 ga yaqin ot, 30 – 35 bosh buqa, 300 tacha qo‘chqor jo‘natishadi. Qo‘y go‘shtiga ham talab baland, ayniqsa bayramlar arafasida.

Kuchakovlar yashaydigan qishloqda yaylov va yem-xashak uchun yer bor, qishga pichan g‘amlash imkoni mavjud. Biroq asosiy muammo qurg‘oqchilik va suv tanqisligida.
«Otamning aytishicha, bahorda yomg‘ir tez-tez yog‘ardi. Hozir u yo‘q, sug‘orish suvi ham tanqis. Suv yetishmasligi oqibatida tuproq sifati buzilmoqda», — deydi Jasur.
Jasur Kuchakov Toshkent bozorlarida go‘shtga talab yanada ortishiga ishonadi. Ammo ular poytaxt ehtiyojlarini to‘liq ta’minlay olmayotganini ham tan oladi.
«O‘ylaymanki, yangi yilgacha go‘sht narxi yana oshadi», — deydi u.
Kurka biznesi

Xorazm viloyati Urganch tumanida yashovchi Gulora Abdrimova kurka boqish faoliyatini 2018-yilda boshlagan. O‘sha yili u 100 dona kurka sotib olib, yarim yil ichida parvarishlab, sotgan va yaxshi daromad ko‘rgan. Xaridorlar kurka go‘shtini ta’mi, to‘yimliligi va ekologik tozaligi uchun qadrlashadi.
Kurkalarni boqish uchun Guloraga davlat tomonidan beda va makkajo‘xori yetishtirishga mo‘ljallangan 10 ga yer ajratilgan. Shuningdek, u sholi chiqindilari va kepak kabi qo‘shimcha ozuqalardan ham foydalanadi. Katta erkak kurkalar kuniga 1 kg, urg‘ochilari esa 700 gramm ozuqa iste’mol qiladi.

Kurkalar injiq va kasalliklarga tez chalinuvchan. Ikki yil avval Guloraning xo‘jaligida infeksiya tarqalib, 1,5 ming bosh kurka nobud bo‘lgan. O‘shandan beri avvalgi hajmlar hali tiklanmagan bo‘lsa-da, u ishni to‘xtatmagan va xo‘jalikni rivojlantirishda davom etmoqda.
«Hatto qo‘shni Xorazm viloyatining boshqa hududlari va Qoraqalpog‘iston tumanlaridan ham xaridorlar keladi», — deydi Gulora.
Voyaga yetgan bitta kurka 5-6 kilogramm sof go‘sht beradi. So‘nggi yillarda 12 – 15 kilogrammgacha tirik vaznga ega bo‘lgan xorijiy zotlar ham paydo bo‘lgan.
Avvallari Guloraning xo‘jaligida 2 ming boshgacha kurka bo‘lgan bo‘lsa, hozirda bu raqam taxminan 350 taga kamaygan. Sababi – hovli maydoni cheklangan. Guloraning aytishicha, biznesni kengaytirish uchun yangi yer maydonlari zarur.