Mahalla raislariga 5 ming kvadratgacha bo‘sh obyektlarni auksionga chiqarish huquqi berildi

Mahalla raislariga 5 ming kvadratgacha bo‘sh obyektlarni auksionga chiqarish huquqi berildi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ma’lum qilindi.
Mahallalarda 2 ming kvadrat metrgacha bo‘sh davlat obyektlarini auksionga chiqarish vakolati bor. Masalan, Samarqand shahridagi Shodlik mahallasi 1,5 ming kvadrat metrli binoni sotib, 5 milliard so‘m daromad olgan.
«Ko‘ryapsizlarmi, qolgan mahallalarda ham «yettilik» izlansa, 3 mingga yaqin bunday binolarni sotish orqali ancha masalani hal qilsa bo‘ladi», – dedi prezident.
Shu sabab endilikda mahalla raisi va hokim yordamchilariga 5 ming kvadrat metrgacha bo‘lgan davlat mulkini auksionga chiqarish huquqi berildi. Sotuvdan tushgan mablag‘ning 70 foizi mahalla budjetida qolib, infratuzilmani rivojlantirishga sarflanadi.
28 ta tumanda ishsizlikka qarshi chora ko‘riladi
Yig‘ilishda yaratilgan sharoit va ajratilgan mablag‘lar hisobiga shu yilning o‘zida 237 ming oila kambag‘allikdan chiqqani ma’lum qilindi. Biroq 28 ta kichik tumanda ish o‘rinlari yaratish borasida hali yetarli choralar ko‘rilmagani ta’kidlandi.
Shu sababli mahalla tizimi uchun mas’ul rahbarlarga ishchi guruhlar tuzish va ushbu tumanlarda ishsizlik, kambag‘allik va jinoyatchilikni kelasi yilda ikki baravar kamaytirish bo‘yicha choralar ishlab chiqish topshirildi.
Mahalla binolari qurilishiga tadbirkorlar jalb etiladi
Mahalla binolarini servis obyektlariga aylantirgan tadbirkorlarga qo‘shimcha imtiyozlar beriladi. Bunda viloyat «Islohotlar shtabi» tadbirkorlar bilan birgalikda mahalla binosi uchun joy tanlaydi va yer ajratish qarorini chiqaradi.
Shahar va viloyat markazlarida qurilgan, pastki qavati «mahalla yettiligi» uchun ajratilgan binolar uch yilga yer va mol-mulk solig‘idan ozod etiladi, qishloqlarda esa bu imtiyoz yetti yil davom etadi.
Bino egasi bo‘lgan tadbirkorlar ushbu davr mobaynida foyda va aylanmadan soliqni 50 foiz kamaytirilgan stavkada to‘laydi.
Avvalroq mahallalarda tadbirkorlik loyihalarini kengaytirish yo‘li orqali 1,5 million oila doimiy daromad manbaiga ega bo‘lgani haqida xabar berilgandi. Biroq yig‘ilishda barcha hududlarda ishlar bir xil natija bermayotgani ta’kidlandi. Ayrim joylarda, xususan, 2 356 ta mahallada ixtisoslashuv darajasi pastligicha qolmoqda. Shu sababli mutasaddilarga har bir mahalla aholisi bilan bevosita uchrashib, ularning salohiyatidan kelib chiqib aniq ixtisoslikni belgilash topshirilgan.