O‘zbekistonliklar Chevrolet Tracker avtomobilini nega sotib olishadi

14-oktabr 2025 18:01 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Chevrolet Tracker avtomobili
Chevrolet Tracker avtomobili / Manba: Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Tracker O‘zbekistonda eng ommabop modellardan biri hisoblanadi. UzAuto Sanoat bergan ma’lumotga ko‘ra, yanvar-sentabr oylarida deyarli 28 ming dona Tracker sotilgan. Kursiv Uzbekistan nashrining ushbu maqolasida Chevrolet Tracker avtomobili haqida fikrlar va modelning ustun tomonlari haqida so‘z boradi.

Maqoladan quyidagilarni bilib olasiz:

Narx va sifat nisbati

Foto: Kursiv Uzbekistan

Chevrolet Tracker O‘zbekistonda hamyonbop narx va yuqori sifat uyg‘unligini taqdim etmoqda. 2025-yil holatiga ko‘ra, uning narxi chegirma bilan 215 mln so‘mdan boshlanadi. Bu qariyb $17,4 mingni tashkil etadi. Avval ishlab chiqarish boshida $23 ming bo‘lganini hisobga olsak, arzonlashish yaqqol seziladi. Shu narxda Tracker o‘z sinfida boy opsiyalarni taklif etadi: zamonaviy turbomotor, stabilizatsiya tizimi, orqa kamera va xavfsizlik yostiqchalari. Ko‘pchilik xaridorlar bu mashinani narxiga yarasha eng to‘liq to‘plam deb ataydi.

«Kursiv» bilan suhbatlashgan Abdug‘ani Tojiyevning qayd etishicha, model narxiga mos.

«Uzoq masofalarga odam tashiyman. Ba’zida oilaviy sayohat qiladiganlar chiqadi. Texnik imkoniyatlari boshqa modellarga qaraganda ko‘proq. Tartib va intizom bilan foydalansa uzoq yillar xizmat qiladi», — deydi u.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Yonilg‘i tejamkorligi

Tracker’ning asosiy afzalliklaridan biri – yoqilg‘i sarfining pastligi. 1,0 yoki 1,2 litrli turbomotor 100 km masofaga o‘rtacha 7–8 litr sarflaydi. Haydovchilar tarmoqlard “8 litr atrofida ushlab turish mumkinligini yozishgan. Krossover shahar tirbandliklarida ham tejamli ishlaydi. Bu uzoq muddatda yoqilg‘iga ketadigan xarajatni kamaytiradi. Ishlab chiqaruvchi AI-95 yoki yuqoriroq sifatli benzin quyishni tavsiya etadi. Shu bois dvigatel samarali va ishonchli ishlaydi.

«Benzinning sifatlisidan foydalanish kerak. To‘gri bu ko‘proq xarajat bo‘lishi mumkin. Ammo avtomobil motori haqida ham qayg‘urish shart», — deydi Abdug‘ani Tojiyev.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Dizayn va tashqi ko‘rinish

Tracker tashqi ko‘rinishi bilan ham e’tiborni tortadi. Uning old qismi keskin LED chiroqlar, ikki qavatli radiator panjarasi va sportcha bamper bilan bezatilgan. Dizayn zamonaviy, yosh xaridorlar uchun ayni mos. Chevrolet yangi uslubni shu modelda to‘liq namoyon etdi. 17 dyuymli disklar va baland arkalari unga kuchli ko‘rinish beradi.

Salon qulayligi

Foto: Kursiv Uzbekistan

Ichki makon keng, qulay va shinam. Beshta o‘rindiqli salon yo‘lovchilar uchun yetarli joy beradi. Ergonomik o‘rindiqlar uzoq safarda ham charchatmaydi. Yuqori versiyalarda elektr sozlanadigan o‘rindiq, kruiz-kontrol va panoramik lyuk bor. Interyerda ekocharm va mato uyg‘unlashgan, markazda katta sensor ekran joylashgan. Orqa o‘rindiqlar buklanganda yukxona hajmi 1300 litrgacha kengayadi. Kundalik hayot uchun bu juda amaliy yechim.

«Trackerning ustunlik tomoni salonidir. U sayohat zavqini beradi. Ammo uzoq yo‘lda odamning oyog‘i ko‘proq og‘rishi mumkin. Ba’zilar uning salonini Cobalt’ning salonidan kichik deb baholashadi», — deydi Samarqandlik Shodiyor Turobov.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Texnik ishonchlilik

Tracker General Motors’ning ishonchli GEM platformasida ishlab chiqilgan. Mustahkam osma tizimi O‘zbekiston yo‘llariga mos. Klirensi 180 mm bo‘lib, past mashinalarga nisbatan to‘siqlardan oson o‘tadi. 3 silindrli turbomotor ixcham, lekin kuchli. 6 pog‘onali avtomat uzatma bilan u silliq ishlaydi. Foydalanuvchilar bu kombinatsiyani pand bermaydi deb baholashgan. Asaka zavodida yig‘ilgan detallar texnik xizmatni osonlashtiradi.

Servis va ehtiyot qismlar

Tracker O‘zbekistonda ishlab chiqarilgani tufayli ehtiyot qismlari doim mavjud. UzAuto Motors rasmiy servis tarmog‘i keng, ustalar malakali. Planli texnik xizmatlar tez bajariladi. Kafolatli mashinalar uchun ayrim xizmatlar tekin ko‘rsatiladi. Ehtiyot qismlar narxi hamyonbop, xorijiy modellarnikidan ancha past. Egalar shikoyat qilmasdan uzoq vaqt foydalanishmoqda.

Foto: Kursiv Uzbekistan

Shahar va trassa tajribasi

Tracker shahar hayotiga juda mos. Kichik o‘lchami tufayli tirbandliklarda yurish oson, parkovka muammo emas. Rul boshqaruvi yengil, ko‘rish burchagi keng. Trassada esa mashina barqaror harakatlanadi, turbomotor yetarli kuch beradi. Klirens balandligi tufayli qishloq va tog‘ yo‘llarida ham ishonchli yuradi.

Raqobatchilarga nisbatan ustunlik

Tracker qisqa fursatda bozorning yetakchisiga aylandi. U Cobalt va Nexia kabi sedanlardan qulayroq, Creta va Seltos kabi xorijiy krossoverlardan arzonroq. Captiva yoki Equinox kabi yirik modellar qimmat va ko‘p yonilg‘i sarflaydi, Tracker esa ixcham va tejamkor. O‘zbekiston bozorida bu modelga teng narx va sifatdagi raqib deyarli yo‘q. Shu sababli Chevrolet Tracker o‘z sinfida eng ommabop krossover bo‘lib qolmoqda.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Chevrolet Tracker avtomobilining yangi versiyasi taqdim etilgani va UzAuto Motors taqdim etadigan yangi Chevrolet Cobalt haqida yozgan edi.

Shuningdek