15-oktabrdan respublika bo‘ylab tozalik va ozodalik oyligi boshlandi

Prezident topshirig‘iga binoan 15-oktabrdan O‘zbekiston bo‘ylab tozalik va ozodalik oyligi boshlandi. Bu haqda Ekologiya vazirligi xabar berdi.
Ushbu oylik davomida mahallalar, maktab va bog‘chalar, ko‘chalar hamda turarjoylarda tozalash ishlari olib boriladi.
Tadbirlar davomida volontyorlar va yosh eko-faollar ishtirokida turli tozalik aksiyalari hamda plogginglar (yugurib chiqindi yig‘ish tadbirlari) o‘tkaziladi. Barcha tashkilot rahbarlari, jumladan, Ekologiya vazirligi rahbariyati bu ishda shaxsiy namuna ko‘rsatib, faol qatnashadi.

Shu bilan birga, Ekologiya vazirligi, Bosh prokuratura, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligi xodimlaridan iborat maxsus shtablar tuzilmoqda. Ular viloyat, tuman va shaharlarda qat’iy ekologik nazoratni yo‘lga qo‘yadi hamda jamoatchilikka kundalik ma’lumot berib boradi.
Oylik davomida ekologik huquqbuzarliklarga qarshi reydlar o‘tkaziladi. Respublikaning barcha hududlarida o‘rnatilgan onlayn kuzatuv kameralari orqali nazorat yanada kuchaytiriladi.
Avvalroq Shavkat Mirziyoyev raisligidagi videoselektor yig‘ilishida ba’zi hududlarda ozodalik talablariga amal qilinmayotgani tanqid qilingandi. Shu sababli butun mamlakatda tozalik va ozodalik oyligi e’lon qilindi.
Shuningdek, obodonlashtirishga mas’ul hokim o‘rinbosarlariga bugunoq 24 soat ishlaydigan brigadalar tashkil qilib, ko‘cha, xonadon, ko‘p qavatli uy, ijtimoiy obyektlar atrofini tozalash topshirildi. «Toza hudud» korxonalariga qarashli maxsus texnikalar ham bunga to‘liq safarbar qilinadi. Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya esa bu borada nazoratni kuchaytiradi.