O‘zbekistonda beshta davlat ishtirokida yirik harbiy o‘quv mashg‘uloti boshlandi

Markaziy harbiy okrugning «Kattaqo‘rg‘on» poligonida O‘zbekiston, Qozog‘iston, Tojikiston, Qirg‘iziston va Ozarboyjon mudofaa vazirliklari bo‘linmalari ishtirokida «Birlik – 2025» nomli mintaqaviy harbiy o‘quv mashg‘ulotlari boshlandi. Bu haqda Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.

14-oktabr kuni bo‘lib o‘tgan tantanali ochilish marosimida bu mashg‘ulot O‘zbekistonning xalqaro harbiy hamkorlik doirasidagi eng yirik o‘quvlaridan biri sifatida ta’kidlandi.

Mashg‘ulotlarning asosiy maqsadi mamlakatlar o‘rtasidagi ishonchni mustahkamlash, harbiy hamkorlikni kuchaytirish va yangi xavf-xatarlar sharoitida mintaqaviy xavfsizlikni ta’minlashdir.

Ishtirokchilar zamonaviy jangovar tajribaga asoslangan usullarni qo‘llash, artilleriya, dron va zirhli texnikalardan samarali foydalanish orqali o‘quv-jangovar vazifalarni bajaradi.

Shuningdek, mashg‘ulot doirasida harbiylar jangovar tayyorgarlik mashg‘ulotlarida qatnashadi, musobaqalarda ishtirok etadi hamda Samarqand shahrining tarixiy va madaniy merosi bilan tanishadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Harbiy mahsulotlar va texnikalar bo‘yicha davlat buyurtmasi vazifalari belgilangani haqida xabar bergan edik.