Metroda 20 yoshli yigit qizga tegajog‘lik qilgani uchun 5 sutkaga qamaldi

Toshkent metrosida qizga tegajog‘lik qilgan 20 yoshli talaba ma’muriy tartibda 5 sutkaga qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Oliy sud matbuot kotibi Aziz Abidov ma’lum qildi.
Sud materiallariga ko‘ra, voqea 26-sentabr kuni metro vagonida sodir bo‘lgan. Talaba metroda ketayotgan paytda qizning tanasiga qo‘l tekkizgan, so‘ngra u bunga e’tiroz bildirgach haqoratli so‘zlar ishlatgan.
Sudda yigit qo‘li tasodifan tegib ketgan bo‘lishi mumkinligini aytgan, biroq haqorat qilganini tan olgan. Ish ko‘rib chiqilgach, holat mayda bezorilik sifatida emas, balki shahvoniy xulq-atvor (shilqimlik) sifatida qayta kvalifikatsiya qilingan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Toshkent metrosida tug‘ilgan chaqaloq va uning onasiga metro umrbod bepul bo‘lishi haqida yozgan edi.