Markaziy bank yettita bank va 13 ta to‘lov tashkilotini ogohlantirdi

Markaziy bank huzuridagi Bank nazorati qo‘mitasi 2025-yil sentabr oyida o‘tkazilgan 9 ta yig‘ilishda jami 43 ta masalani ko‘rib chiqdi va tegishli qarorlar qabul qildi. Bu haqda Markaziy bank rasmiy sahifasi ma’lum qildi.
Ro‘yxatga olish va ruxsat berish yo‘nalishida 28 ta masala muhokama qilindi. Ular orasida kredit tashkilotlari ustavlariga o‘zgartishlar kiritish, yangi mikromoliya tashkilotlarini ro‘yxatdan o‘tkazish, banklarda audit o‘tkazish huquqini berish, mikromoliya banklariga litsenziya ajratish hamda tijorat banklarining kuzatuv kengashi va boshqaruv a’zolari nomzodlarini tasdiqlash masalalari mavjud.
15 ta masala kredit tashkilotlarining moliyaviy holatiga bag‘ishlandi. Unda Markaziy bank ko‘rsatmalari, prudensial me’yorlarga rioya etilishi, inspeksiya natijalari hamda jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurash masalalari muhokama qilindi.
Nazorat natijasida 7 ta bank va 13 ta to‘lov tashkilotiga faoliyatdagi kamchiliklar va normativ talablarni buzganlik uchun ogohlantirish berildi.
Bundan tashqari, qonunchilik talablariga rioya qilinmagani va iste’molchilar bilan ishlashda qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘yilgani uchun 8 ta bankka nisbatan jarima sanksiyalari qo‘llanildi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq 20-oktabr uchun valyuta kurslari e’lon qilingan edi.