Qozog‘istonda 2025 – 2026-yillarda elektr tanqisligi kutilmoqda

Qozog‘iston energetika tizimi 2025 – 2026-yillar kuz-qish mavsumida elektr energiyasi tanqisligiga duch kelishi mumkin. Bu haqda «KEGOC» kompaniyasi rahbari Nabi Aytjanov «Samruk-Qazina» jamg‘armasi jamoatchilik kengashida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, elektr ishlab chiqarish imkoniyatlari mamlakat ehtiyojini to‘liq qoplay olmaydi. Prognozlarga ko‘ra, maksimal yuklama 17,6 GVt bo‘ladi, ammo stansiyalarning ishlab chiqarish quvvati 16,7 GVt atrofida qoladi. Natijada 0,9 GVt quvvat tanqisligi paydo bo‘lishi kutilmoqda.
Hisob-kitoblarga ko‘ra, har oyda elektr tanqisligi 125 mln.dan 330 mln kVt/soatgacha yetadi. Umumiy tanqislik esa kuz-qish mavsumida 1 mlrd kVt/soatdan oshishi mumkin.
Muammoni yumshatish uchun Rossiya va O‘zbekistondan elektr energiyasi import qilish rejalashtirilgan. Bu chora energotizimni muvozanatda ushlab turish va aholiga elektr yetkazib berishda uzilishlarning oldini olishga yordam beradi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Qozog‘iston Milliy banki asosiy stavkani 18 foizga oshirgani haqida yozgan edi.