Qozogʻistonlik bloger Toshkent metrosida begona yigitlarga tegajogʻlik qildi — video

Toshkentda qozog‘istonlik bloger Arujan Aybekova tomonidan suratga olingan ijtimoiy tajriba tarmoqlarda katta bahs-munozaraga sabab bo‘ldi.
Videoda bloger poytaxtdagi jamoat joylarida begona erkaklar yoniga o‘tirib, ularning roziligisiz ularga tegadi va kameraga qarab jilmayadi. Mazkur lavha qisqa vaqt ichida Instagram tarmog‘ida ommalashib, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar orasida keskin tanqidga uchradi.
Ko‘plab foydalanuvchilar bu holatni nojo‘ya xatti-harakat deb baholashgan. Ularning fikricha, bunday videolar, ayniqsa, jamoat transportida ayollarga nisbatan tez-tez uchrayotgan tazyiq va bezorilik holatlari fonida, jamiyatda salbiy munosabat uyg‘otadi.
Faollar bu videoni provokatsion deb atab, voqeaga huquqiy baho berishni so‘rashgan. O‘zbekiston qonunchiligiga ko‘ra, jamoat tartibini buzish ma’muriy javobgarlikka sabab bo‘lishi mumkin.
Bloger hozircha tanqidlarga javob bermagan va so‘nggi postlari ostidagi izohlarni o‘chirib qo‘ygan. Shu bilan birga, ayrim foydalanuvchilar uning bunday tajribasi O‘zbekiston madaniy qadriyatlari va jamoat axloqiga zid ekanini ta’kidlashmoqda.
Avvalroq Argentinalik bloger Sasha Ferro yosh futbolchi bilan munosabatini oshkor qilgani haqida yozgan edi.