O‘zbekistonda 2026-yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi

eʼlon qilindi
Bundan tashqari, sun’iy intellekt infratuzilmasiga $100 milliondan ortiq sarmoya kiritganlarga maxsus imtiyozlar beriladi
Yo‘ldoshli internet operatorlari besh yilga yer, mol-mulk, foyda va QQSdan ozod etiladi
Yo‘ldoshli internet operatorlari besh yilga yer, mol-mulk, foyda va QQSdan ozod etiladi. Foto: ijtimoiy tarmoq

Olis hududlarni yuqori tezlikdagi internet bilan ta’minlash maqsadida kelasi yildan yo‘ldoshli internet operatorlari faoliyati yo‘lga qo‘yiladi. Bu haqda prezident sun’iy intellekt texnologiyalarini rivojlantirishga oid videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

Unga ko‘ra, ushbu operatorlar besh yil davomida yer, mol-mulk, foyda va qo‘shilgan qiymat solig‘idan (QQS) ozod etiladi.

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 13-avgustdan olis hududlarni internet bilan ta’minlaydigan Starlink kompaniyasi sun’iy yoʻldosh internetini Qozog‘istonda ishga tushgandi. Servisning rasmiy saytida esa Starlink xizmati Oʻzbekistonda 2026-yildan boshlab ishga tushirilishi ma’lum qilingan.

Sun’iy intellektga sarmoya kiritganlarga maxsus imtiyozlar

Davlat rahbari yig‘ilishda sun’iy intellekt infratuzilmasiga $100 milliondan ortiq sarmoya kiritganlarga maxsus imtiyozlar berilishini e’lon qildi. Unga ko‘ra, ularga:

  • elektr energiyasi narxi 5 sent qilib belgilanadi;
  • IT-park imtiyozlari tatbiq etiladi;
  • import uskunalari bojxona to‘lovidan ozod etiladi.

Mazkur yo‘nalishdagi ishlar Qoraqalpog‘istondan boshlanadi.

Vazirlik va idoralar ma’lumotlari yagona markazda saqlanadi

Hozirda vazirlik va idoralar ma’lumotlari turli serverlarda, har xil formatlarda saqlanayotgani sababli ishlar sust kechmoqda. Shu sababli prezident topshirig‘i bilan yil yakuniga qadar 55 ta vazirlik va idora ma’lumotlar bazasi Elektron hukumatning yagona data-markaziga o‘tkaziladi.

Kelasi yilda esa qolgan barcha ma’lumotlar bazalari ham shu markazga joylashtiriladi. Endi vazirlik va idoralarga ma’lumotlarni o‘z serverlarida saqlashga ruxsat berilmaydi.

Avvalroq hokimliklarda raqamlashtirish va sun’iy intellekt bo‘yicha maslahatchi lavozimi joriy etilishi haqida xabar berilgandi. Shuningdek, endilikda vazirlar va tarmoq rahbarlarining raqamlashtirish uchun mas’ul o‘rinbosarlari sohada sun’iy intellektni rivojlantirishga ham javobgar bo‘ladi.

Shuningdek