O‘zbekistonda mikromoliya tashkilotlariga islomiy moliya xizmatlarini ko‘rsatishga ruxsat berildi

Endilikda mikromoliya, faktoring tashkilotlari va lombardlar islomiy moliya xizmatlarini taklif etishi mumkin. Bu haqda Markaziy bank qarori e’lon qilindi.
Yangi tartib shariat tamoyillariga asoslangan ijara, murabaha, muzoraba, mushoraka va salam kabi moliyaviy mexanizmlarni joriy etishga imkon beradi.
Bu o‘zgarishlar «Mikromoliya tashkilotlari va lombardlar faoliyatini tartibga solish to‘g‘risidagi nizom»ning yangilangan tahriri asosida kuchga kirdi. Endilikda faktoring tashkilotlari ham ushbu nizom doirasiga kiritilgan.
Yangi tartibga ko‘ra, tashkilotlar faoliyatida zaxira fondlarini shakllantirish, aktivlar sifatini baholash hamda umidsiz qarzlarni hisobdan chiqarish tartiblari aniq belgilandi. Shuningdek, ularning kapital yetarliligi jami xususiy kapitalning jami aktivlarga nisbati orqali hisoblanadi va bu koeffitsiyent 10 foizdan kam bo‘lmasligi shart etib belgilandi.
Bundan tashqari, bir qarz oluvchi yoki o‘zaro bog‘liq qarzdorlar guruhiga doir tavakkalchilik hajmi tashkilot kapitalining 25 foizidan oshmasligi, barcha yirik tavakkalchiliklar yig‘indisi esa kapitalning 5 barobaridan ko‘p bo‘lmasligi kerak.
Markaziy bank nizomida tashkilotlar har oyning 10-sanasigacha to‘liq moliyaviy hisobot taqdim etishi belgilandi. Hisobotlar islomiy moliya xizmatlari, aktiv va majburiyatlar tahlili, aloqador shaxslar bilan bitimlar hamda yirik tavakkalchiliklar haqidagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi.
Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda islomiy bank faoliyati uchun qonunchilikka o‘zgartirishlar kiritilishi mumkinligi haqida yozgandi.