iPhone 17 Pro selfi sifati bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egalladi

21-oktabr 2025 21:50 eʼlon qilindi

Lobar Turayeva

Lobar Turayeva

Muxbir l.turayeva@kursiv.media
iPhone 17 Pro
Foto: Reddit

DxOMarkning so‘nggi reytingiga ko‘ra, iPhone 17 Pro selfi sifati bo‘yicha dunyoda yetakchi o‘rinni egalladi. U Honor va Google flagmanlarini ortda qoldirib, mobil fotografiyada yangi standart o‘rnatdi.

Apple’ning yangi avlod iPhone 17 liniyasi – bazaviy modeldan tortib Pro Max’gacha – bu yil 18 megapikselli old kamera, f/1.9 diafragma va kvadrat shakldagi yangi sensor bilan jihozlandi. Bu kamera avvalgi iPhone 16 Pro’dagi 12 megapikselli modulni almashtirdi hamda foydalanuvchilarga telefonni burmasdan portret va landshaft rejimlari o‘rtasida oson almashish imkonini beradi.

DxOMark baholashiga ko‘ra, iPhone 17 Pro – 154 ball to‘plab birinchi o‘rinni egallagan. U Honor Magic6 Pro va iPhone 16 Pro (har biri 151 ball) modellarini ortda qoldirdi. iPhone 15 Pro 149 ball bilan ikkinchi o‘rinda, Google Pixel 9 Pro XL esa 148 ball bilan keyingi pog‘onada joylashgan.

Apple kamerasi nafaqat apparat, balki sun’iy intellekt asosida takomillashtirilgan tasvirni qayta ishlash algoritmlari bilan ham ajralib turadi. Endilikda old kamera balanslangan ekspozitsiya, keng dinamik diapazon va yanada boy rang tusini ta’minlaydi. Shunga qaramay, kompaniyaga xos iliq teri ohanglari saqlanib qolgan.

Yangi kamera 20 mm fokus masofasi (avvalgi 23 mm o‘rniga) bilan kadrga ko‘proq odamni sig‘dirish imkonini beradi, bu esa kontent yaratishni yanada qulay qiladi.

Biroq ayrim kamchiliklar ham mavjud – past yorug‘lik sharoitida selfilar biroz shovqinli, harakat paytida esa stabilizatsiya sustlashishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan iPhone 17 Pro foydalanuvchilari modellarning pushti tusga kirayotganini aytayotganini yozgandi.

Shuningdek