Luvr muzeyidan oʻgʻirlangan buyumlar qiymati 88 mln yevroga baholandi

eʼlon qilindi
Parij prokurori ma’lum qildi
Luvrdan o‘g‘irlangan durdonalar 102 million dollarga baholanmoqda
Foto: CNN

Parijdagi Luvr muzeyidan oʻgʻirlangan buyumlar qiymati 88 mln yevroga baholandi. Bu haqda Parij prokurori Lor Beko muzey rahbari bilan birgalikda bergan bayonotida ma’lum qildi.

Prokurorning soʻzlariga koʻra, bu nafaqat moliyaviy, balki madaniy merosga yetkazilgan katta zarardir.

«Bu summa hayratlanarli, ammo tarixiy qiymatni oʻlchab boʻlmaydi», – dedi u.

U, shuningdek, jinoyatchilar taqinchoqlarni eritib yuborsa, asl qiymatning oʻndan birini ham ololmasligini ta’kidladi.

19-oktabr kuni tongda noma’lum shaxslar yuk mashinasiga oʻrnatilgan narvon yordamida Luvrning Apollon galereyasiga kirishgan. Ular atigi 4 daqiqa ichida ikki seyfni buzib, fransuz imperatorlariga tegishli 9 ta qimmatbaho buyumni oʻgʻirlab ketgan. Jinoyatchilar muzey xodimlari formasida boʻlgan.

Fransiya ichki ishlar vaziri Loran Nunes bu hodisani milliy merosga qarshi suiqasd deb atadi.

Foto: CNN

Oʻgʻrilar olib qochgan buyumlar orasida imperatritsa Yevgeniyaga tegishli 212 ta marvarid, 1 998 ta olmos va 992 ta pushti qirrali olmos bilan bezatilgan tiara, shuningdek, 1855-yilga oid brosh va Napoleon rafiqasiga sovgʻa qilgan zumradli marjon ham bor.

100 ga yaqin tergovchilar ish olib bormoqda, DNK va barmoq izlari tahlil qilinmoqda. Mutaxassislar esa oʻgʻirlangan buyumlarning qaytarilishiga ishonch bildirishmayapti. Senator Natali Gule buyumlar allaqachon mamlakatdan olib chiqilganini aytdi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Pavel Durov Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan taqinchoqlarni sotib olib, qaytarishga tayyorligi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek