
General Motors (GM) Nyu-Yorkdagi GM Forward konferensiyasida yangi avtonom boshqaruv, ovozli sun’iy intellekt va yagona dasturiy platforma texnologiyalarini e’lon qildi. Bu haqda Electriccarsreport xabar bermoqda.
Kompaniya 2028-yilda Cadillac Escalade IQ elektromobilida haydovchisiz boshqaruv (eyes-off driving) funksiyasini joriy etadi. GM hozirgacha Shimoliy Amerikada 965 ming kilometrdan ortiq yo‘llarni xaritaga tushirgan. Super Cruise foydalanuvchilari esa 1,1 mlrd kilometrdan ortiq masofani xavfsiz bosib o‘tgan.
2026-yildan boshlab GM avtomobillar Google Gemini asosidagi ovozli sun’iy intellekt bilan jihozlanadi. Bu tizim haydovchiga mashina bilan tabiiy muloqot qilish, funksiyalarni tushuntirish, muammolarni aniqlash va sayohatlarda yordam berish imkonini beradi. Keyinchalik kompaniya OnStar tizimi orqali o‘ziga xos GM AI modelini yaratishni rejalashtirgan.

2028-yilda Cadillac Escalade IQ yagona hisoblash platformasiga ega bo‘ladi. U avtomobilning barcha tizimlarini – haydovchi boshqaruvi, xavfsizlik, multimedia va dvigatel tizimlarini – bitta markaziy yadroga birlashtiradi. Natijada tizim samaradorligi 35 baravar, o‘tkazuvchanlik 1000 baravar oshadi, yangilanishlar hajmi esa 10 baravar kengayadi.
GM, shuningdek, ishlab chiqarishda inson bilan hamkorlik qiluvchi robotlarni (sobotlar) ishlab chiqmoqda. Bundan tashqari, kompaniyaning elektromobillari uylarga zaxira quvvat berish, hatto kelajakda tarmoqqa energiya uzatish imkoniyatiga ega bo‘ladi. 2026-yildan boshlab GM ikki yo‘nalishli quvvatlash va statsionar batareyani o‘z ichiga olgan uy energiya tizimini ijaraga taklif etishni boshlaydi.

Avtomobillarda SI texnologiyalari
Tesla, General Motors, Waymo va Mercedes-Benz kompaniyalari avtomatik boshqaruv tizimlarini faol sinovdan o‘tkazmoqda. 2028-yilda Cadillac Escalade IQ modelida eyes-off driving — haydovchining qo‘li va ko‘zi aralashmaydigan avtonom tizim paydo bo‘ladi. Waymo va Tesla esa L5 darajadagi to‘liq avtonom boshqaruvga yaqinlashmoqda.
Ovozli sun’iy intellekt
Google Gemini, Amazon Alexa Auto va Apple Siri CarPlay asosida ishlaydigan ovozli yordamchilar haydovchining so‘z buyruqlarini aniqlab, harakat yo‘nalishini belgilash, telefon qo‘ng‘iroqlarini qabul qilish yoki avtomobil sozlamalarini boshqarish imkonini beradi. General Motors 2026-yildan boshlab Google Gemini asosidagi ovozli SI tizimini joriy etadi. Bu texnologiya mashinani odamdek tushunadigan hamrohga aylantiradi.
Kamera va sensorlar orqali tahlil
Zamonaviy avtomobillarda 10 dan ortiq kamera, radar va lidar sensorlari mavjud. Ular atrof-muhitni 360° burchakda kuzatadi va real vaqtda ma’lumotni SI tizimiga uzatadi. Misol uchun, Tesla Autopilot 8 ta kamera va 12 ta ultratovush datchiklaridan foydalanadi. BMW va Mercedes-Benz avtomobillari esa Computer Vision texnologiyasi yordamida piyodalar va to‘siqlarni aniqlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan GM $1,6 milliardlik zarar ko‘rishi mumkinligi haqida yozgan edi.