O‘zbekiston xitoyliklarga vizasiz kirish muddatini 30 kungacha uzaytirdi

O‘zbekiston hukumati Xitoy fuqarolari uchun vizasiz kirish muddatini 30 kungacha uzaytirdi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi qarori e’lon qilindi.
Qarorga ko‘ra, endilikda Bahrayn, Qatar, Kuvayt, Ummon, Saudiya Arabistoni va Iordaniya fuqarolari O‘zbekistonga 30 kungacha vizasiz kirish huquqiga ega bo‘ladi. Shuningdek, Xitoy fuqarolari uchun ham 30 kunlik vizasiz rejim amal qiladi. Biroq Gonkong aholisi uchun avvalgi tartib saqlanib qoladi – ular 7 kungacha vizasiz kirishlari mumkin.
Shuningdek, 15 ta davlat fuqarolari uchun biznes vizalarini soddalashtirilgan tartibda berish tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Endi viza 2-3 ish kuni ichida rasmiylashtiriladi.
Viza rasmiylashtirish muddati
- 2 ish kuni ichida: Avstriya, Belgiya, Buyuk Britaniya, Germaniya, Ispaniya, Italiya, Latviya, Malayziya, Fransiya, Chexiya, Shveysariya va Yaponiya;
- 3 ish kuni ichida: Birlashgan Arab Amirliklari (BAA);
- 3 ish kuni (zarur hollarda – 10 kungacha): Eron va Pokiston.
Eron va Pokiston fuqarolari uchun ushbu tartib ikki tomonlama soddalashtirilgan viza kelishuvlari asosida amal qiladi. Bu imtiyozlar biznes, ilmiy va turistik guruhlar uchun ham tatbiq etiladi. Zarur hollarda qo‘shimcha tekshiruvlar sababli viza rasmiylashtirish muddati 10 kungacha cho‘zilishi mumkin.
Avvalroq «Kursiv» nashri Slovakiya o‘zbekistonliklar uchun viza tartibini soddalashtirish masalasini ko‘rib chiqayotgani haqida yozgandi.