So‘m dollarga nisbatan yil boshidan beri 7 foizga mustahkamlandi — Timur Ishmetov

O‘zbekiston Markaziy banki mamlakatni yaqin yillarda investitsiyalar, savdo va moliya uchun mintaqaviy xab sifatida pozitsiyalashni hal qiluvchi davr deb bilmoqda. Bu haqda 2025-yil 23-oktabr kuni Franklin Templeton tomonidan boshqariladigan Milliy investitsiya jamg‘armasi (O‘zMIJ) tashkil etgan «Investorlar kuni» tadbirida Markaziy bank raisi Timur Ishmetov ma’lum qildi. O‘z nutqida u so‘m dollarga nisbatan yil boshidan beri 7 foizga mustahkamlanganini aytdi.
O‘zbekiston biznes uchun ochiq
Markaziy bank rahbari ta’kidlashicha, Markaziy bank o‘zining narxlar va moliyaviy barqarorlikni ta’minlash bo‘yicha mandatiga qat’iy sodiq.
«Inflyatsiya pasaymoqda va yil oxiriga borib 8% atrofida bo‘ladi, bu esa bizning o‘rta muddatli 5 foizlik maqsadimizga yaqinlashmoqda», – dedi u.
Ishmetovning so‘zlariga ko‘ra, joriy hisob balansi taqchilligi Yalpi ichki mahsulotning (YIM) 3,5 foizigacha kamayadi, mamlakatning xalqaro zaxiralari esa rekord darajadagi – $55 milliardga yetgan. O‘zbekiston so‘mi yil boshidan beri AQSh dollariga nisbatan 7 foizga mustahkamlandi.
Pul-kredit siyosati va yangi vositalar
Markaziy bank rahbarining aytishicha, institutning siyosati «yanada aniqroq va shaffof» bo‘lmoqda.
Avgust oyidan boshlab bank likvidlikni o‘zlashtirish uchun asosiy vosita sifatida yetti kunlik obligatsiyalarni chiqara boshladi. Kelgusida depozit auksionlari o‘rniga Markaziy bankning yetti kunlik obligatsiyalari bo‘yicha auksionlar joriy etiladi va belgilangan stavkada REPO operatsiyalari yo‘lga qo‘yiladi.
«Bizning maqsadimiz oddiy – pul-kredit siyosatini oldindan prognoz qilinadigan holatga keltirish va jamiyat ishonchini mustahkamlash», — dedi Ishmetov.
Bank tizimi barqaror bo‘lib bormoqda
Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakat bank sektori «barqaror, foydali va yetarli darajada kapitallashtirilgan» bo‘lib qolmoqda.
Banklarning umumiy aktivlari $72 milliardga yetgan, kapital yetarliligi esa 18 foizni tashkil etmoqda.
«Banklar $3,5 milliarddan ortiq kapital buferlariga ega, bu esa ularga mumkin bo‘lgan moliyaviy xatarlarni yengib o‘tishga yordam beradi», — dedi Ishmetov.
Islohotlar va xalqaro standartlar
Markaziy bank rahbarining aytishicha, islohotlarning muhim bosqichi sifatida 2024 – 2025-yillarda Xalqaro valyuta jamg‘armasi (XVJ) va Jahon banki bilan hamkorlikda o‘tkazilgan moliyaviy sektorni baholash dasturi (FSAP)ning birinchi bosqichi yakunlandi.
«Ushbu tavsiyalar bizning moliyaviy tizimni yanada ishonchli, shaffof va oldindan taxmin qilish mumkin bo‘lgan holatga keltiradi – investorlarga ishonch bag‘ishlaydi», — dedi u.
Markaziy bank Basel III standartlarini 2028-yilgacha to‘liq joriy etishni, shuningdek, xalqaro moliyaviy hisobot standartlariga (IFRS) 2027-yilgacha to‘liq o‘tishni rejalashtirmoqda.
«Bu shaffoflikni oshiradi, moliyaviy hisobotlarni taqqoslashni osonlashtiradi va xorijiy investitsiyalar oqimini kuchaytiradi», — deya qo‘shimcha qildi Ishmetov.
Inklyuziv moliya va islomiy moliya
Timur Ishmetov barqarorlik va tartibga solishdan tashqari, Markaziy bank moliyaviy inklyuziyaga ham katta e’tibor qaratayotganini ta’kidladi.
«Biznesning kichik va o‘rta qismi – iqtisodiyotimizning asosi. Biz kreditlardan foydalanish imkoniyatini an’anaviy kanallar orqali ham, innovatsion yechimlar orqali ham kengaytirmoqdamiz», — dedi u.
Uning aytishicha, yangi mikromoliya banklari faoliyat boshlamoqda, nobank sektori rivojlanmoqda, va Markaziy bank to‘lovni bo‘lib to‘lash tizimini (BNPL) tartibga solishga, iste’molchilarni himoya qilish bilan birga innovatsiyalarni qo‘llab-quvvatlashga tayyor.
Shuningdek, islomiy moliyaga oid yangi qonun qabul qilinishi kutilmoqda, bu esa shariat tamoyillariga asoslangan moliyaviy mahsulot va vositalarni joriy etish imkonini beradi. Bu o‘z navbatida Yaqin Sharq va Janubi-Sharqiy Osiyodan investorlar uchun yangi imkoniyatlar yaratadi.
Investitsiyalar, savdo va moliya uchun mintaqaviy markaz
Yakunda Ishmetov yaqin yillar mamlakat uchun «hal qiluvchi davr» bo‘lishini ta’kidladi.
«Biz bu davrni O‘zbekistonni investitsiyalar, savdo va moliya uchun mintaqaviy xab sifatida joylashtirish imkoniyati deb bilamiz. Sizni ushbu yo‘lning bir qismi – bizning hamkorlarimiz va do‘stlarimiz bo‘lishga taklif qilamiz», — dedi Markaziy bank rahbari.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan so‘mning kutilmagan darajada mustahkamlanishi hatto skeptiklarni ham hayratda qoldirgani haqida yozgan edi. Iqtisodchi Yuliy Yusupov esa dollar kursining pasayish sabablari haqida fikr bildirgan.