Samarqandda ko‘p qavatli uyga xizmat ko‘rsatuvchi korxona 3,5 milliard so‘mlik gazni o‘g‘irladi

Samarqand va Toshkentda noqonuniy gaz hamda elektrdan foydalanish holatlari aniqlandi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, Samarqand shahrida joylashgan korxonaga qarashli 21 xonadonli ko‘p qavatli uy loyiha hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tarmoqqa to‘g‘ridan to‘g‘ri ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalangani aniqlangan. Bu orqali gaz ta’minoti korxonasiga 3,5 milliard so‘m zarar yetkazilgan.
Shuningdek, Toshkent viloyatining Toshkent tumanida tadbirkor nomiga rasmiylashtirilgan do‘kon elektr tarmog‘iga o‘zboshimchalik bilan ulanib, 173,4 million so‘mlik zarar yetkazgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda ikkita holat yuzasidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan tergovga qadar tekshiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Pastdarg‘omda 165,5 mln so‘mlik elektr energiyasini o‘g‘irlaganlar aniqlangani xabar qilingandi.