Toshkent metrosida yigitlarga tegajog‘lik qilgan bloger qo‘lga olindi

Toshkent metrosida olingan provokatsion videodan so‘ng bloger Arujan Aybekova Olmaotada qo‘lga olindi. Bu haqda Olmaota politsiya departamenti xabar berdi.
Metroda yo‘lovchilarga tegajog‘lik qilgani aks etgan videodan keyin bloger ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilarining muhokama markazida bo‘lgandi. Video O‘zbekiston metrosida suratga olingan va uning shaxsiy ijtimoiy tarmoqlariga joylashtirilgan.
Mayda bezorilik holati bo‘yicha ma’muriy ish qo‘zg‘atilib, materiallar sudga yuborilgan.
Politsiyaning eslatishicha, avvalroq qiz bilan shunga o‘xshash xatti-harakatlardan keyin profilaktik suhbat o‘tkazilgan, biroq u to‘g‘ri xulosa chiqarmagan.
Huquq-tartibot idoralari xodimlarining ta’kidlashicha, jamoat joylarida axloqsiz va provokatsion xatti-harakatlarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi va qonunga muvofiq javobgarlikka tortiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan qozogʻistonlik bloger Toshkent metrosida video olgani haqida xabar berilgandi. Videoda bloger poytaxtdagi jamoat joylarida begona erkaklar yoniga o‘tirib, ularning roziligisiz ularga tegadi va kameraga qarab jilmayadi. Mazkur lavha qisqa vaqt ichida Instagram tarmog‘ida ommalashib, o‘zbekistonlik foydalanuvchilar orasida keskin tanqidga uchradi.