Xitoy sanksiyalar tufayli Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatdi — Reuters

Xitoy davlat neft kompaniyalari Rossiya neftini sotib olishni to‘xtatdi. Reuters nashriga ko‘ra, ushbu holat AQSh Rossiyaning ikki yirik neft kompaniyasi – «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi sanksiyalar kiritganidan so‘ng ro‘y berdi.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Xitoyning PetroChina, Sinopec, CNOOC va Zhenhua Oil davlat neft kompaniyalari sanksiyalar ostida qolishdan qo‘rqib, Rossiya dengiz neftini sotib olishdan vaqtincha voz kechgan.
«Xitoy dengiz orqali kuniga taxminan 1,4 million barrel Rossiya neftini import qiladi, biroq uning katta qismini mustaqil qayta ishlovchilar, shu jumladan, kichik korxonalar sotib oladi. Davlat kompaniyalari tomonidan xaridlar hajmini baholash sezilarli darajada farq qiladi», – deyiladi agentlik xabarida.
Vortexa Analytics ma’lumotlariga ko‘ra, 2025-yilning dastlabki to‘qqiz oyida Xitoy davlat kompaniyalari kuniga 250 ming barreldan kamroq, Energy Aspects hisob-kitoblariga ko‘ra esa kuniga 500 ming barrel atrofida mahsulot sotib olgan.
Eslatib o‘tamiz, AQSh prezidenti Donald Tramp 21-oktabr kuni Rossiyaning eng yirik ikki neft kompaniyasi – «Rosneft» va «Lukoyl»ga qarshi yangi sanksiyalar e’lon qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu choralar Moskvaning Ukraina bilan tinchlik muzokaralariga rozi bo‘lishiga turtki bo‘lishi kerak. Sanksiyalar e’lonidan bir kun avval Tramp Putin bilan Budapeshtda rejalashtirilgan uchrashuvni noma’lum muddatga qoldirgan edi. AQSh moliya vaziri Skot Bennon bu qarorni Putinning urushni to‘xtatishdan bosh tortgani bilan izohladi.