Rassom Pikassoning asari 32 mln yevroga sotildi

Parijda mashhur rassom Pablo Pikassoning uzoq yillar davomida omma e’tiboridan chetda qolgan «Gul naqshli shlyapadagi ayol byusti» nomli asari 32 mln yevroga (taxminan $37 mln) sotildi. Bu haqda Associated Press (AP) xabar berdi.
Asar 1943-yil iyul oyida fotograf Dora Maar tasviri asosida chizilgan. Dora Maar bilan Pikassoning munosabatlari o‘sha paytda so‘nggi bosqichga kirgan bo‘lib, bu holat rasmda aks etgan hissiyotlarda ham seziladi. Kartina 1944-yilda xarid qilingan va shu kundan beri bir oilaning xususiy kolleksiyasida saqlanib kelgan.

Rasm «Ayol shlyapada» seriyasiga kiradi va Parijdagi Drouot auksion uyida sotuvga qo‘yilgan. Auksion yetakchisi Kristof Lyusyen savdoni yilning eng hissiy va muhim san’at voqeasi deb atagan. Unga ko‘ra, 32 mln yevrolik narx (27 mln yevro asosiy narx va xaridor to‘lovi bilan) bu yil Fransiyada san’at asarlari orasida eng yuqori ko‘rsatkich bo‘lgan.

Dora Maar 29 yoshida Pikasso bilan tanishgan va u «Gernika» asaridagi asosiy modellardan biri bo‘lgan. Pikasso keyinchalik undan ajralib, yosh rassom Fransuaz Jilo bilan munosabat o‘rnatgan. Dora Maar esa umrining oxirigacha yolg‘izlikda yashagan va 89 yoshida vafot etgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Luvr muzeyidan o‘g‘irlangan buyumlar qiymati 88 mln yevroga baholangani haqida yozgan edi.