
26-oktabr kuni La Liganing 10-turi doirasida «Real Madrid» o‘z maydonida «Barselona»ni qabul qilib, 2:1 hisobida g‘alaba qozondi.
O‘yin ilk daqiqalardanoq qizg‘in boshlandi. Dastlab Vinisius jarima maydonida yiqildi, penaltini VAR bekor qildi. Kilian Mbappe kiritgan gol esa ofsayd sabab hisoblanmadi. Bahsning 22-daqiqasida Bellingemning uzatmasidan so‘ng Mbappe hisobni ochdi.
«Barselona» 38-daqiqada Fermin Lopesning aniq zarbasi bilan hisobni tenglashtirdi, biroq tanaffusga qadar Bellingem «Real»ni yana oldinga olib chiqdi. Ikkinchi bo‘limning 52-daqiqasida mehmonlar himoyachisi Erik Garsiya jarima maydonchasi ichida qo‘l bilan o‘ynadi. Mbappe penaltini golga aylantira olmadi.
O‘yinning yakunida Pedri ikkinchi sariq kartochkadan keyin maydondan chetlatildi, to‘qnashuvlar va janjallar esa uchrashuv oxirigacha davom etdi. Uchrashuv oldidan «Real»ga nisbatan keskin fikrlar bildirgan Lamin Yamal amalda hech narsa qila olmadi. Natijada madridliklar «Barselona»dan 5 ochkoga oldinga o‘tib oldi va La Liga turnir jadvalida 27 ochko bilan karvonboshilik qilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Shvetsiyada 1,5 ming aholiga ega qishloq jamoasi mamlakat chempionligini qo‘lga kiritgani haqida xabar bergan edi.