Koreyada noqonuniy yurgan 26 nafar o‘zbekistonlik jarimaga tortildi

Koreya Adliya vazirligi, politsiya va boshqa idoralar 12-dekabrgacha davom etadigan keng ko‘lamli reydlarni boshladi, natijada hozirgacha 26 nafar o‘zbekistonlik ushbu davlatda noqonuniy bo‘lib turgani aniqlandi. Bu haqda O‘zbekiston Migratsiya agentligi xabar berdi.
Unga ko‘ra, reydlar noqonuniy yashayotgan xorijliklar, mahalliy aholining ish o‘rinlarini egallayotgan chet elliklar, vositachilar va axloqqa zid faoliyat yuritayotgan shaxslarni aniqlashga qaratilgan.
APEC 2025 sammiti oldidan Gyonju shahri va yaqin hududlarda nazorat kuchaytirilgan. Qonun buzgan shaxslar jarimaga tortiladi, deportatsiya qilinadi yoki mamlakatga kirish taqiqi qo‘llanadi. Adliya vazirligi ma’lum qilishicha, reydlar davomida xorijliklarning inson huquqlarini himoya qilishga ham e’tibor qaratiladi.
Migratsiya agentligiga ko‘ra, joriy yilda E-9 vizasi asosida ishlagan, lekin keyinchalik qonunbuzarlik tufayli noqonuniy maqomga tushgan o‘zbekistonliklarga jarima belgilandi. Har bir kishi noqonuniy yurgan har bir oyi uchun $2000 miqdorida jarima to‘laydi.
Avvalroq O‘zbekiston va Koreya o‘rtasidagi muzokaralar natijasida E-8 vizasi asosidagi mavsumiy ishchilar dasturi yana yo‘lga qo‘yilgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, tomonlar Toshkent viloyati aholisi orasidan ishchilarni tanlab olish va ularni provinsiyaning Hapchon, Chongnyang hamda Miryang hududlarida sakkiz oy muddatga qishloq xo‘jaligi ishlariga jalb etishga kelishib oldi.