Toshkentda 17 milliard so‘mlik QQS bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi

Toshkentda 17 milliard so‘mlik QQS bilan bog‘liq firibgarlik fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati xabar berdi.
Unga ko‘ra, Toshkent shahrida transport va logistika xizmatlari ko‘rsatuvchi MChJda hisobchi bo‘lib ishlayotgan shaxs bo‘yoq ishlab chiqaruvchi MChJning 17 milliard so‘mlik qo‘shilgan qiymat solig‘i (QQS) summasini qaytarish evaziga $35 ming talab qilgan.
U ilgari soliq idoralarida ishlagan bo‘lib, sobiq hamkasblari orqali korxonaning QQS guvohnomasini qayta faollashtirib berishni va manfiy farq summasini qaytarib olishni va’da qilgan.
Davlat xavfsizlik xizmati va Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda u korxona rahbaridan $20,5 ming olayotgan paytda qo‘lga olingan.
Holat yuzasidan hisobchi va unga aloqador shaxslarga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Dastlabki tergov davomida u ushbu «yordam»ni Soliq qo‘mitasining katta inspektori orqali hal qilmoqchi bo‘lganini tan olgan. Natijada mazkur davlat xizmatchisi ham gumonlanuvchi sifatida ishga jalb etilgan.
Avvalroq Toshkent shahri va Yangiyo‘l tumanida ijtimoiy kartalar orqali amalga oshirilgan xaridlar uchun QQSni avtomatik qaytarish tizimi ishga tushgandi. Ilgari buning uchun xaridorlar QR-kodni skanerlashi kerak edi. Endi esa tizim avtomatik tarzda ishlaydi.