Pomidor bozorida raqobat: Turkmaniston O‘zbekistonning o‘rnini egallayapti

eʼlon qilindi ( yangilandi)
O‘zbekistondan pomidor eksportni tiklashga qaratilgan urinishlar hozircha natija bermayapti
O‘zbekiston Rossiyaga pomidor yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biri hisoblanadi. Foto: asiaplustj.info

O‘zbekiston issiqxona pomidorlari bozorida o‘z o‘rnini yo‘qotmoqda — eksport to‘rt yildan beri ketma-ket qisqarib bormoqda. O‘zbekistonda yetkazib beruvchilar hajmi kamayib borayotgan bir paytda, Turkmaniston tez sur’atlarda eksportni oshirib, bo‘shab qolgan bozor o‘rinlarini egallamoqda. U xorijga bir necha barobar ko‘p pomidor yetkazib berib, asosiy bozorlarda o‘z mavqeyini mustahkamlamoqda.

Kursiv Uzbekistan shunday savollarga javob izladi: nima uchun turkman ishlab chiqaruvchilari muvaffaqiyatga erishdi va qaysi muammolar o‘zbek fermerlariga bozordagi yetakchilikni qayta qo‘lga kiritishga to‘sqinlik qilmoqda?

Tiklanish sur’atlari o‘rnini pasayish egalladi

Turkmanistonda pomidor yuqori texnologiyalar asosida yetishtiriladi. Foto: turkmenistan.gov.tm

O‘zbekistondan issiqxona pomidorlari eksporti pasayishda davom etmoqda va mamlakat asta-sekin mintaqadagi yetakchi yetkazib beruvchilardan biri maqomini yo‘qotmoqda. Bu pasayish ketma-ket to‘rt yildan beri kuzatilmoqda.

2025-yilning dastlabki to‘rt oyida xorijga taxminan 9 ming tonna pomidor jo‘natilgan — bu o‘tgan yilga nisbatan 23% kam. Solishtirish uchun, 2021-yilda shu davr mobaynidagi eksport hajmi 3,5 baravar yuqori bo‘lgan.

Agar 2019-yilda O‘zbekiston xorijga taxminan 70 ming tonna issiqxona pomidorlari sotgan bo‘lsa, 2023 yilga kelib yetkazib berish hajmi 53 – 55 ming tonnagacha qisqargan. Bu so‘nggi besh yildagi eng past ko‘rsatkichdir.

Infografika: Kursiv O’zbekiston

Ilgari o‘zbek qishki pomidorlari Rossiya, Qozog‘iston, Tojikiston va Qirg‘iziston bozorlarida yuqori talabga ega edi. Biroq bu bozorlarda endi yangi o‘yinchilar, avvalo Turkmaniston, o‘z pozisiyasini mustahkamlamoqda.

U nafaqat o‘zbek pomidorlarini xorij bozorlaridan siqib chiqarmoqda, balki O‘zbekistondagi do‘kon rastalarida ham tobora ko‘proq uchray boshladi.

Tannarx oshmoqda, issiqxonalar yopilmoqda

O‘zbekiston issiqxona pomidorlari bozoridagi pozitsiyasini, avvalo, yuqori tannarx va iqlim bilan bog‘liq muammolar sababli yo‘qotmoqda. Markaziy Osiyoda g‘ayrioddiy darajada issiq yoz odatiy holga aylandi – harorat dunyo bo‘yicha o‘rtacha ko‘rsatkichga nisbatan tezroq o‘smoqda.

Issiqlik sabab pomidor yetishtirish asta-sekin past tog‘ oldi hududlarga ko‘chmoqda, u yerda havo salqinroq va kasallik xavfi kamroq. Biroq bu hududlarda yer maydonlari cheklangan, suv esa boshqa ekinlar, masalan, kartoshka uchun ham ishlatiladi.

Sovuq mavsumda issiqxonalarni isitish talab etiladi. Ilgari buning uchun gaz ishlatilardi, ammo 2023-yilda uning tanqisligi sabab fermerlar ko‘mirga o‘tkazildi. Bu yechim muvaffaqiyatsiz bo‘lib chiqdi – ham qimmatga tushdi, ham atrof-muhit uchun zararli bo‘ldi.

Issiqxonalar bo‘yicha ekspert Abduvaliyev Janubiy Koreyadan kelgan mehmonlar bilan. Foto: shaxsiy arxivdan

Issiqxona xo‘jaliklari assosiatsiyasi raisi Abduraxim Abduvaliyevning ta’kidlashicha, agar 2022-yilda gaz uchun 48 mln dollar sarflangan bo‘lsa, ko‘mirga o‘tilgan taqdirda bu summa 200 mln dollargacha yetar edi.

Doniyor issiqxonani isitolmayotgani uchun ikki yildan beri pomidor yetishtirmayapti. Foto: shaxsiy arxivdan

Yana bir muhim muammo – issiqxona qurilishi uchun yagona standartlarning mavjud emasligi. Ko‘plab fermerlar mahalliy iqlim sharoitini hisobga olmasdan, boshqalarning loyihalarini ko‘chirib amalga oshirishmoqda. Natijada issiqxonalar samarasiz faoliyat ko‘rsatmoqda.

Bundan tashqari, moliyaviy qiyinchiliklar ham fermerlar uchun katta muammoga aylandi. Ko‘pchilik fermerlar 2000-yillarda olingan dollardagi kreditlarga ega bo‘lib, valyutaning o‘sishi sabab ularni to‘lash ancha og‘irlashgan. Natijada issiqxona xo‘jaliklarining taxminan uchdan biri bankrotlik ostonasida turibdi.

2025-yil may oyi holatiga ko‘ra, 120 gektardan ortiq issiqxona maydonlari banklar balansiga o‘tgan. Jami 6,5 ming gektardan faqat 4,5 ming gektarga yaqini faoliyat yuritmoqda, qolgan qismi esa to‘xtab qolgan.

Turkmaniston yetakchilikka chiqmoqda

Turkmaniston issiqxona ishlab chiqarishi eksportga yo‘naltirilgan. Foto: orient.tm

O‘zbek pomidorlari eksporti kamayotgan bir paytda, Turkmaniston tez sur’atda o‘z pozitsiyalarini mustahkamlamoqda. 2024-yilda mamlakat qariyb 150 ming tonna pomidor eksport qilgan – bu ikki yil oldingidan 40% ko‘pdir.

Solishtirish uchun, 2020-yilda eksport hajmi 60 ming tonnaga ham yetmagan. Eksportning yarmi Rossiyaga yo‘naltirilgan bo‘lsa, qolgan qismi Qozog‘iston, Qirg‘iziston va boshqa mamlakatlarga yetkazib beriladi. Bu bozorlarda turkman ishlab chiqaruvchilari allaqachon o‘zbek raqiblarini siqib chiqarishga muvaffaq bo‘lgan.

Muvaffaqiyatning asosiy sabablari:

— Arzon gaz: issiqxonalar deyarli bepul yoqilg‘i bilan ta’minlanadi, bu esa tannarxni keskin pasaytiradi va mahalliy fermerlarga tashqi bozorlarda narx bo‘yicha raqobat afzalligini beradi.

— Ishonchli suv ta’minoti: Qoraqum kanali orqali barqaror suv ta’minoti yuqori hosildorlikni ta’minlaydi.

— Zamonaviy texnologiyalar va investisiyalar: Yevropa standartlariga mos yirik issiqxona majmualari qurilmoqda, umumiy maydoni taxminan 1000 gektarni tashkil etadi. Issiqlik nasoslari va alternativ energiya manbalaridan foydalanish orqali issiqlikni saqlash, shuningdek, isitish va sovitish jarayonlarida quyosh energiyasidan foydalanish imkoni yaratilgan.

Issiqxonalarning Yevropa darajasi turkman pomidorining samaradorligini oshirdi. Foto: turkmenistan.gov.tm

Quyi xarajatlar va barqaror sifat tufayli Turkmaniston O‘zbekistonni ortda qoldirib, mintaqaviy pomidor bozorida yetakchi o‘rinni egalladi.

Yangi turlar, texnologiyalar va davlat qo‘llab-quvvatlashi

O‘zbekiston issiqxona pomidorlari bozorida yo‘qotilgan pozitsiyalarni qayta tiklay oladimi? Bu savolning javobi ilm-fan yutuqlari, texnologik yangilanish va davlat qo‘llab-quvvatlashiga bevosita bog‘liq.

Mamlakatimiz seleksiya sohasida boy ilmiy an’analarga ega. Hatto 1960-yilda yaratilgan «Yusupov» navi o‘zbek pomidorining ramziga aylangan — uning shirin ta’mi va yirik mevasi bilan ajralib turgani uchun.

Hozirgi kunda ham seleksion ishlar izchil davom etmoqda. 2023-yili zararkunandalarga chidamli va an’anaviy navlarga nisbatan 4–5 barobar yuqori hosil beruvchi «Mustaqillik-28» navi yaratildi.

So‘nggi o‘n yil ichida ichki va tashqi bozorlarga mo‘ljallangan, jumladan uchta cheri navi ham kiritilgan 14 ta yangi pomidor navi yaratildi. Biroq «Pink Paradayz» kabi ayrim eski navlar endilikda zamonaviy talablarga javob bermaydi — ular kasalliklarga moyil va hosildorligi past.

Bugungi kunda asosiy yo‘nalish — energiyani tejaydigan texnologiyalarni joriy etish hisoblanadi. Issiqlik nasoslari va quyosh energiyasi tizimlaridan foydalanish issiqlikni saqlab qolish hamda isitish xarajatlarini kamaytirish imkonini beradi.

Yevropa tiklanish va taraqqiyot banki (YeTTB) baholashicha, bunday yechimlar issiqxonalarning energiya sarfini 60% gacha kamaytirishi mumkin. Biroq ularni to‘liq joriy etish uchun taxminan 1,44 milliard yevro investitsiya talab etiladi.

2025-yil 8-oktyabr kuni prezident issiqxona sektoriga qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qarorni imzoladi. Hujjatda quyidagilar nazarda tutilgan:

— soliq to‘lov muddatlarini 2028-yilgacha foizsiz uzaytirish;

— 2026–2028-yillarda ijtimoiy soliq stavkasini 1%ga tushirish;

— meva-sabzavot mahsulotlari ishlab chiqarishni 2026-yilda 620 ming tonnaga, 2027-yilda esa 670 ming tonnaga yetkazish, shundan taxminan 70%ini eksportga yo‘naltirish rejalashtirilgan.

Qo‘llanilayotgan choralarga qaramasdan, mutaxassislar prognozlarda ehtiyotkorlikni saqlamoqda. Issiqxona xo‘jaliklari assosiatsiyasi rahbari Abdurahim Abduvaliyevning fikricha, mahalliy ishlab chiqaruvchilar tashqi bozorda talab yuqori bo‘lgan boshqa ekin turlariga e’tibor qaratishi lozim.

Shu tariqa, soha keskin burilish nuqtasida turibdi: yo modernizatsiya yo‘li bilan raqobatbardoshlikni tiklaydi, yo mintaqaviy yetakchilikni boshqa mamlakatlarga boy beradi.

Shuningdek