1-noyabrdan kuchga kiradigan o‘zgarishlar: O‘zbekistonda nimalar yangilanadi

1-noyabrdan O‘zbekistonda yangi tartiblar kuchga kiradi. Kursiv Uzbekistan bu sanadan boshlab amal qiladigan yangiliklarni bir joyga to‘pladi.
Ushbu maqolada siz quyidagilarni bilib olasiz:
- «Yerusti halqa yoʻli» metrosi ishga tushadi
- «Texpasport»ni almashtirish bekor qilinadi
- Tadbirkorlarga universal QR-kod beriladi
- Ishsizlik nafaqasi kimlarga to‘lanadi
- Malaka oshirmoqchi bo‘lganlarga «kasb vaucheri» beriladi
- Korporativ etika bo‘yicha komissiya tuziladi
- YAIDXPdagi ma’lumotlar qog‘oz hujjatlar bilan tenglashtiriladi
- Chernogoriyaga vizasiz tartib bekor qilinadi
- Keksalar uchun poyezd va aviareys chiptalariga chegirmalar
- Tadbirkorlar uchun qo‘shimcha mexanizmlar joriy qilinadi
- 2,1 mingdan ortiq davlat xizmatchisi shtati qisqartiriladi
Toshkent metrosining «Yerusti halqa yoʻli» 1-noyabrda ishga tushadi

Toshkent metropolitenining ta’mirlash ishlari sababli yopilgan «Yerusti halqa yoʻli» yoʻnalishi 1-noyabrdan boshlab yana yoʻlovchilarga xizmat koʻrsatishni boshlashi kutilmoqda.
Ta’mirlash va profilaktika ishlari davomida 14 ta bekat — «Texnopark»dan «Qipchoq»gacha boʻlgan yoʻnalishda poyezdlar harakati vaqtincha toʻxtatilgan edi. Ushbu davrda yoʻl tekisligi qayta tiklandi, eskirgan shpallar almashtirildi, drenaj tizimi holati oʻrganildi hamda shagʻal qatlamining mustahkamligi sinovdan oʻtkazildi.
Gaz ballon o‘rnatilganda «texpasport»ni almashtirish bekor qilinadi

Joriy yil 1-noyabrdan avtomobilga gaz ballon o‘rnatilgach, transport vositasini ro‘yxatdan o‘tkazish guvohnomasini (texpasport) qayta rasmiylashtirish talab etilmaydi.
Endilikda gaz ballon haqidagi ma’lumotlar elektron tizimda yuritiladi. Bu haydovchilar uchun ortiqcha vaqt va mablag‘ sarflashning oldini olib, davlat xizmatlaridan foydalanishni yengillashtiradi.
Tadbirkorlarga universal QR-kod beriladi

1-noyabrdan boshlab tadbirkorlarga barcha to‘lov ilovalari orqali hisob-kitob qilish imkonini beruvchi universal QR-kod taqdim etiladi.
«Umuman, yaratilayotgan sharoitlar orqali yakka tadbirkorlar hisobida yiliga 1 trillion so‘m, tasavvur qilyapsizlarmi, 1 trillion so‘m qolyapti. Bu – kichik biznes uchun qo‘shimcha resurs, yakka tadbirkorlar o‘z biznesini keyingi bosqichga olib chiqishi uchun yana bir imkoniyat», — degan edi Mirziyoyev tadbirkorlar bilan uchrashuvda.
Endi ishsizlik nafaqasi mehnat shartnomasini bekor qilganlarga to‘lanadi

O‘zbekistonda 1-noyabrdan ishsizlik nafaqasi va ijtimoiy himoya tizimi bo‘yicha yangi qoidalar joriy etildi.
Unga ko‘ra, so‘nggi 5 yil ichida kamida 18 oy ishlagan shaxslar, shartnoma bekor qilingandan keyin 6 oy ichida murojaat qilsa, ularga oxirgi 18 oylik o‘rtacha ish haqi hisobidan 3 oy davomida nafaqa beriladi. Birinchi oyda – o‘rtacha ish haqining 75 foizi, keyingi ikki oyda esa 50 foizi, ammo belgilangan eng kam ish haqining 3 baravaridan oshmagan miqdorda to‘lanadi.
Shuningdek, shu sanadan boshlab xo‘jalik yurituvchi subyektlar nogironligi bo‘lgan shaxslar, oilaviy zo‘ravonlikdan jabrlanganlar, kam ta’minlangan oilalar a’zolari, yetimlar hamda ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lganlar uchun majburiy ish o‘rinlari zaxirasini shakllantiradi. Bu zaxira umumiy xodimlar sonining 3 foizidan oshmasligi va 100 nafardan ortiq xodim ishlaydigan tashkilotlarga tatbiq etilishi belgilandi.
Takroran ishsizlik nafaqasi tayinlash uchun esa oldingi nafaqa muddati tugaganidan keyin kamida 12 oylik ish staji bo‘lishi shart etib belgilandi.
Malaka oshirmoqchi bo‘lgan fuqarolarga «kasb vaucheri» beriladi

1-noyabrdan boshlab malakasini oshirish yoki yangi kasb o‘rganmoqchi bo‘lgan shaxslarga «kasb vaucheri» berish tartibi joriy etiladi.
Bu vaucher qo‘shimcha ta’lim olish uchun ssuda shaklida ajratiladi.
O‘quvchi o‘qishni tugatib sertifikat olgach, ishga joylashgandan so‘ng ssuda mablag‘ini 2 yil ichida Bandlikka ko‘maklashish davlat jamg‘armasiga qaytaradi.
Shuningdek, quyidagi shaxslarga o‘qish davrida eng kam ish haqi miqdorida stipendiya belgilanadi:
- nogironligi bo‘lgan shaxslarga;
- 3 oydan ortiq davom etadigan kurslarda o‘qiyotgan kam ta’minlangan oilalar a’zolariga;
- boshqa hududdan qatnab o‘qiyotganlarga.
Ma’lumot uchun, ishsizlik nafaqasi olinayotgan paytda stipendiya belgilanmaydi.
Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash kengashi tarkibida korporativ etika bo‘yicha komissiya tuziladi

1-noyabrdan prezident huzuridagi Tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha jamoatchilik kengashi tarkibida Korporativ etika bo‘yicha komissiya tashkil etiladi.
Komissiya yuridik shaxslarga korporativ etika bo‘yicha tavsiyalar berib boradi hamda nizolarni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatadi.
YAIDXPdagi ma’lumotlar endi qog‘oz hujjatlar bilan tenglashtiriladi

1-noyabrdan boshlab Yagona interaktiv davlat xizmatlari portalida (YAIDXP) fuqarolarning shaxsga doir ma’lumotlari ularning qog‘oz shaklidagi hujjatlariga teng huquqqa ega bo‘ladi. Endilikda jismoniy shaxslar o‘z shaxsiy kabineti orqali real vaqt rejimida ma’lumotlarini taqdim etish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Mazkur o‘zgarishdan so‘ng, agar fuqarolar Yagona portal yoki uning mobil ilovasi orqali ma’lumotlarini ko‘rsatsa, davlat organlari va tashkilotlari bu ma’lumotlarning qog‘oz nusxasini talab qilishga haqli bo‘lmaydi.
Shuningdek, shu sanadan boshlab pensionerlar, homilador ayollar va 3 yoshgacha farzandi bilan tashrif buyurgan fuqarolar davlat xizmatlari markazlarida imtiyozli toifa sifatida belgilanadi. Ular xizmatlardan navbatsiz foydalanish huquqiga ega bo‘ladi.
Chernogoriya O‘zbekiston fuqarolari uchun vizasiz tartibni bekor qildi

Chernogoriya hukumati O‘zbekiston fuqarolari uchun amal qilib kelgan vaqtinchalik vizasiz tartibni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildi. Mazkur tartib 2025-yil 1-noyabrdan kuchga kiradi.
Qaror 2024 – 2027-yillar Islohotlar kun tartibi doirasida hamda Yevropa Ittifoqining 24-bobi — viza siyosati talablarini bajarish maqsadida qabul qilingan.
Keksalar uchun poyezd va aviareys chiptalariga chegirmalar

O‘zbekiston temiryo‘llari turizm oyligi doirasida pensiyadagilar uchun chegirma e’lon qildi. Unga ko‘ra, 2 – 8-oktabr hamda 1 – 30-noyabr kunlari barcha mahalliy yo‘nalishdagi poyezd chiptalarining tarif qismiga 20 foizlik chegirma beriladi.
Chegirma 55 yoshdan oshgan ayollar va 60 yoshdan katta erkaklarga taalluqli. Yuqori tezlikda harakatlanuvchi «Afrosiyob» elektropoyezdlari bundan mustasno.
Uzbekistan Airways ham barcha ekonom klass tariflariga 15 foizgacha chegirma e’lon qildi. Maxsus taklif 1-noyabrdan 30-noyabrgacha amalga oshiriladigan ichki aviaqatnovlarga tatbiq etiladi.
Tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha mexanizmlar joriy qilinadi

Shu yilning 1-noyabrdan boshlab tadbirkorlarni qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha mexanizmlar joriy qilinadi. Jumladan, «chempion» tadbirkorlarni shakllantirish maqsadida ishlab chiqarish va xizmat ko‘rsatish loyihalariga tijorat banklari orqali 10 milliard so‘mgacha kreditlar beriladi.
Bundan tashqari, kichik tadbirkorlik subyektlarining «yashil» iqtisodiyot yo‘nalishidagi loyihalari uchun 500 million so‘mgacha kreditlar qulay shartlarda qayta moliyalashtiriladi. Kredit foizi 6 foizgacha, lekin Markaziy bankning asosiy stavkasidan 4 foiz punktdan oshmagan holda belgilanadi.
Mazkur imkoniyatlar kamida 1 yil faoliyat yuritgan va ikki nafar xodimga ega tadbirkorlarning kamida 5 ta yangi ish o‘rni yaratishga qaratilgan loyihalariga tatbiq etiladi.
O‘zbekistonda 2,1 mingdan ortiq davlat xizmatchisi shtati qisqartiriladi

1-noyabrdan boshlab respublika ijro etuvchi hokimiyat organlarida jami 2141 ta shtat birligi qisqartiriladi. Shuningdek, qo‘mita, agentlik va inspeksiyalarda rahbar o‘rinbosarlari soni 16 taga kamaytiriladi. Bu haqda prezident farmoni e’lon qilindi.
Unga ko‘ra, ijro etuvchi hokimiyat organlarida boshqaruv jarayonlarini raqamlashtirish orqali byurokratik yuk kamaytiriladi hamda boshqaruv samaradorligi oshiriladi. Shu bilan birga, 2025-yil 1-noyabrdan maqbullashtiriladigan shtat birliklari ro‘yxati hamda rahbar o‘rinbosarlari soni rasman tasdiqlanadi.