2030-yilgacha 24 mln yo‘lovchi, 200 ming reys: yangi aviatsiya dasturi tasdiqlandi

O‘zbekistonda 2030-yilgacha fuqarolik aviatsiyasi sohasini rivojlantirish bo‘yicha yangi dastur tasdiqlandi. Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.
Hujjatda 2030-yilgacha havo transportida yo‘lovchilar sonini 24 million nafar, xalqaro va mahalliy parvozlar sonini 200 mingtagacha oshirish hamda O‘zbekiston aviakompaniyalari samolyotlar parkini 180 taga yetkazish maqsadi belgilangan.
Shuningdek, 2026-yil 1-yanvardan boshlab «O‘zaviatsiya» agentligini saqlash uchun Davlat budjetidan ajratmalar to‘xtatiladi.
Bundan tashqari, 2025-yil yakunidan boshlab «O‘zaeronavigatsiya» markazi sof foydasining 20 foizini Fuqarolik aviatsiyasi agentligini rivojlantirish jamg‘armasiga yo‘naltirish amaliyoti bekor qilinadi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda aviatsiya hodisalarini tekshirish tartibiga o‘zgartirishlar kiritilgan edi.