
BYD kompaniyasi tomonidan 29-oktabr kuni Tokioda bo‘lib o‘tayotgan Tokyo Motor Show 2025 ko‘rgazmasida BYD Racco elektromobili namoyish etildi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Model Yaponiyada 2026-yil yozida rasmiy savdoga chiqariladi.
Yapon bozoriga mo‘ljallangan yangi model
Yaponiyada kei-car segmenti umumiy avtomobil bozorining uchdan bir qismini tashkil etadi. Shu sababli BYD Racco kompaniyaning bu bozorga kirishidagi strategik qadami bo‘ldi.
Modelning boshlang‘ich narxi 2,6 mln iyena (taxminan $17 ming) atrofida bo‘ladi.

Texnik ma’lumotlar
BYD Racco‘da old g‘ildirakli elektr motor va 20 kVt/soat sig‘imli Blade (LFP) batareya o‘rnatilgan. Avtomobil WLTC standarti bo‘yicha 180 km masofani bosib o‘tadi. Shuningdek, u 100 kVt tezkor zaryadlash tizimini qo‘llab-quvvatlaydi.
Modelning to‘liq texnik tafsilotlari hali oshkor etilmagan.

Dizayn va interyer
Avtomobil kvadrat shaklli, to‘rt burchakli dizayn bilan ishlab chiqilgan, orqa tomondan ochiladigan eshiklari bilan jihozlangan. O‘lchamlari — 3395×1475×1800 mm, salon esa to‘rt o‘rindiqli.
Old qismda yopiq radiator panjarasi va C shaklidagi faralar, orqa qismda esa dumaloq chiroqli to‘liq uzunlikdagi stop signal joylashgan. BYD logotipi esa yoritiladigan shaklda ishlangan.

Salon minimalist uslubda ishlangan. U instrument panel, markaziy sensorli ekran, uch teshikli rul va to‘rtburchak shamollatish teshiklari bilan jihozlangan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri $13 minglik BYD Qin L DM-i 2026 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.