
Geely Xingyuan elektromobili Sujou shahridagi sanoat hududida yong‘inga uchradi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda.
Hodisa 23-oktabr kuni sodir bo‘lgan. Guvohlarning aytishicha, avtomobil birdaniga alangaga o‘ralib, kichik portlash sodir bo‘lgan.
Yong‘in natijasida hech kim jabrlanmagan. Hozircha sabab aniqlanmagan, ammo dastlabki taxminlarga ko‘ra, bu batareyadan emas, balki salon ichidagi elektr zaryadi yoki yonuvchi buyumlar sababli bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Xingyuan modeli xavfsizligi bilan mashhur bo‘lgan Aegis Short Blade LFP batareyasidan foydalanadi.
Geely Xingyuan 2024-yilda taqdim etilgan ixcham xetchbek bo‘lib, bu yilning eng ko‘p sotilgan avtomobiliga aylandi — yanvar – sentabr oylarida 343 mingdan ortiq dona sotilgan. Uning boshlang‘ich narxi 68 800 yuan (taxminan $9,690) ni tashkil etadi.
Modelning uzunligi 4135 mm, eni 1805 mm, balandligi 1570 mm, g‘ildirak bazasi esa 2650 mm. Salonida 14,6 dyuymli markaziy ekran va 8,8 dyuymli asboblar paneli mavjud. Eng arzon versiya 58 kVt (78 ot kuchi) quvvatli elektromotorga ega bo‘lib, 310 km yurish masofasini ta’minlaydi. Kuchliroq variant esa 85 kVt (114 ot kuchi) va 410 km masofali batareyaga ega.
2025-yil oxirigacha Geely Xingyuan xalqaro bozorga Geely EX2 nomi bilan chiqadi.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Geely EX5 elektromobili Buyuk Britaniya bozoriga kirib kelgani haqida yozgan edi.
Ushbu modelning Britaniya bozoridagi boshlang‘ich narxi 31 990 funt sterlingni (taxminan $43 ming) tashkil etadi. U Hyundai Ioniq 5 va Skoda Enyaq modellari bilan raqobatlashadi.