AQShda Google Play qayta ishga tushdi

Epic Games bilan davom etayotgan sud jarayoni doirasida chiqarilgan qarorga asosan, endilikda AQSh foydalanuvchilari ochiq Play Store tizimidan foydalanadi.
Yangi tartibga ko‘ra, dastur ishlab chiquvchilar foydalanuvchilarga o‘z ilovalari haqida Google Play’dan tashqarida ham ma’lumot berishlari va to‘lov tizimlariga tashqi havolalar qo‘shishlari mumkin bo‘ladi. Bu esa foydalanuvchilarga nafaqat Play Store’dan tashqari manbalardan ilova yuklab olish, balki arzonroq narxlardan foydalanish imkonini beradi.
Google ishlab chiquvchilarga yuborgan xabarnomada bu o‘zgarishlar 2025-yil 29-oktabrdan kuchga kirishi aytilgan. Endilikda ishlab chiquvchilar o‘z ilovalari yoki obunalarini tashqi platformalarda chegirmalar bilan reklama qilishlari, hamda kredit karta, PayPal yoki o‘z to‘lov tizimlaridan foydalanish imkoniga ega bo‘ladilar.
Avval Google ilovalarda tashqi to‘lov tizimlariga havola berishni taqiqlagan edi. Aynan shu cheklov Epic Games’ning da’vosiga sabab bo‘lgan. Sud qaroriga ko‘ra, Google ushbu cheklovni 2027-yil 1-noyabrgacha vaqtincha bekor qilishi lozim.
Kompaniya bayonotida «foydalanuvchilar ishonchi va xavfsizligi bizning asosiy tamoyilimiz bo‘lib qoladi», deb ta’kidladi. Google bu o‘zgarishlar hozircha faqat AQSh foydalanuvchilariga taalluqli ekanini bildirgan va yaqin orada ishlab chiquvchi hamda foydalanuvchi fikrlariga asoslanib qo‘shimcha yangilanishlarni e’lon qilishini ma’lum qilgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Play Market’da 60 mln marta yuklangan 331 ta virusli dastur topilgani haqida xabar bergan edi.