YouTube videolar sifatini sun’iy intellekt yordamida oshiradi

YouTube televizor ekranlarida kontent sifatini yanada sifatli qilishga qaratilgan beshta yangi funksiyani taqdim etdi. Bu haqda videoplatforma rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Endi ijodkorlar videolarini yuqori sifatda namoyish qilish, tomoshabinlar esa ularni qulay tarzda topish va hatto xarid qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Yangi funksiyalar orasida eng muhimlaridan biri – sun’iy intellekt yordamida videolar sifatini avtomatik yaxshilash. 1080p dan past bo‘lgan videolar HD yoki hatto 4K darajasigacha oshiriladi. Shuningdek, video miniaturalari hajmi 2 MB dan 50 MB gacha kengaytirilib, 4K aniqlikdagi suratlarni yuklash imkoniyati yaratildi.
YouTube televizor versiyasida kanallarni topish va tomosha qilish tajribasi ham yangilandi. Endi foydalanuvchilar o‘z sevimli kanallarini bosh sahifadan oson topib, ulardagi kontentni ketma-ket tomosha qilishlari mumkin.
Bundan tashqari, YouTube xarid qilish imkoniyatlarini kengaytirmoqda – videolarda belgilangan mahsulotlar uchun QR-kod orqali to‘g‘ridan to‘g‘ri xarid sahifasiga o‘tish mumkin bo‘ladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq WhatsApp’da yangi xavfsizlik funksiyasi paydo bo‘lgani haqida xabar bergan edik.