Starship Oyga 100 tonna yuk olib chiqadigan yangi avlod raketasini taqdim etdi

SpaceX kompaniyasi AQShliklarni yana Oyga olib chiqadigan Starship HLS raketasining batafsil ma’lumotlarini va yangi suratlarini taqdim etdi. Bu haqda kompaniya rasmiy sahifasida ma’lum qilindi.
Ushbu kosmik kemaning yashash moduli Xalqaro kosmik stansiyaning uchdan ikki qismiga teng bo‘lib, u bir safarda 100 tonnagacha yukni Oyga yetkazish imkoniga ega.

Starship HLS ikki havo eshigiga ega bo‘ladi, bu esa astronavtlarga ochiq fazoga chiqishni osonlashtiradi. Har bir eshikning hajmi taxminan 13 kub metr – bu «Apollon» modulidagi hajmdan ikki baravar katta.

Kema to‘liq qayta ishlatiladigan tizim sifatida yaratilmoqda. SpaceX loyihaning 90 foizini o‘z mablag‘i hisobidan moliyalamoqda. NASA bilan tuzilgan shartnomaga ko‘ra, kompaniya faqat muvaffaqiyatli bosqichlardan so‘ng to‘lov oladi.

2026-yilda Starship uchun orbitada uzoq davom etuvchi parvoz va kosmosda yoqilg‘i quyish kabi ikki muhim sinov rejalashtirilgan. Dastlabki parvoz esa 2025-yil oxirigacha amalga oshirilishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq SpaceX Starship raketasining 11-parvozi muvaffaqiyatli yakunlangan edi.
