Xitoyda yorug‘lik tezligida ishlaydigan optik chip yaratildi

Tsinghua universiteti olimlari OFE2 (Optical Feature Extraction Engine) nomli yangi optik chipni taqdim etdi. Bu haqda SPIE ma’lum qildi.
U yorug‘lik to‘lqinlari yordamida hisoblash ishlarini bajaradi va 12,5 gigagers tezlikda ma’lumotlarni qayta ishlay oladi. Bu avvalgi 10 gigagers chegarasidan yuqori natija.
OFE2 chipi elektr signaliga emas, balki yorug‘likning difraksiyasi orqali hisob-kitoblarni amalga oshiradi. Natijada u tasvirdagi obyekt chegaralarini, grafikdagi keskin o‘zgarishlarni va boshqa muhim belgilarni tezda aniqlay oladi.
Tadqiqotchilar chipni tibbiy tasvirlarni tahlil qilish va moliyaviy bozorlar prognozi kabi sohalarda sinovdan o‘tkazishdi. Sinovlar shuni ko‘rsatdiki, OFE2 nafaqat raqamlarni tanish aniqligini 95 foizgacha oshirdi, balki tezlik va energiya samaradorligi bo‘yicha ham raqamli chiplarni ortda qoldirdi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSh Xitoyga chip yetkazib berishni yashirin nazorat ostiga olgani haqida yozgan edik.
