O‘zbekistondan xorijga ko‘chib ketayotganlar soni 9,4 foizga kamaydi

2025-yilning yanvar – sentabr oylarida O‘zbekistondan jami 7,6 ming kishi ko‘chib ketgan. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu ko‘rsatkich 2024-yilning shu davriga nisbatan 9,4 foizga kam.
 
Ko‘chib ketishlar dinamikasiga ko‘ra, eng past ko‘rsatkich 2022-yilda qayd etilgan (3,1 ming), eng yuqori ko‘rsatkich esa 2023-yilda qayd etilgan (14,7 ming).
Shuningdek, hisobot davrida mamlakatga jami 1,1 ming ming kishi ko‘chib kelgan. Bu 2021-yildan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkich.
Qaysi viloyatlardan ko‘chib ketayotganlar ko‘p
Statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, hududlar kesimida eng ko‘p ko‘chib ketishlar soni Toshkent shahri (59 ming) va Toshkent viloyatida (22 ming) qayd etilgan. Eng kam ko‘chib ketishlar esa Namangan (4 ming) va Sirdaryo (6 ming) viloyatlariga to‘g‘ri kelgan.
Hisobotga ko‘ra, joriy yilning to‘qqiz oyida ko‘chib kelishlar eng ko‘p Toshkent shahri (75 ming) va Toshkent viloyatida (25,3 ming), eng kami esa yana Namangan (2,2 ming) va Sirdaryo (5,7 ming)ga to‘g‘ri kelgan.
Avvalroq O‘zbekistonda tug‘ilish soni 2021-yildan beri eng past ko‘rsatkichni qayd etgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, 2025-yilning yanvar – sentabr oylarida qayd etilgan tugʻilganlar soni 664,6 mingni, har ming aholiga nisbatan tugʻilish koeffitsiyenti 23,5 promilleni tashkil etdi. Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, bu 2021-yildan buyon qayd etilgan eng past ko‘rsatkich.
