Afg‘oniston shimolidagi zilzila oqibatida o‘nlab kishilar halok bo‘lgani aytilmoqda

3-noyabr erta tongda Afg‘onistonning Mozori Sharif shahri yaqinida 6,3 magnitudali zilzila qayd etildi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, kamida 10 kishi halok bo‘lgan, yana 260 dan ortiq kishilar jarohat olgan.
AQSh geologik xizmati zilzila 28 km chuqurlikda yuz berganini ma’lum qildi. Hodisa natijasida shaharning ramziy obidalardan biri – tarixiy Ko‘k masjidning bir qismi zarar ko‘rgan. Sog‘liqni saqlash boshqarmasi vakili Samim Juyonda Reuters agentligiga bergan ma’lumotiga ko‘ra, ertalabki holatga ko‘ra, 150 kishi shifokorlarga murojaat qilgan, 7 kishi vafot etgan.
«Tibbiy brigadalar hodisa joyiga yetib kelgan, barcha yaqin kasalxonalar favqulodda rejimga o‘tkazilgan», – dedi Sog‘liqni saqlash vazirligi vakili Sharofat Zamon.
AQSh geologik xizmati o‘zining PAGER tizimi orqali to‘q sariq darajadagi xavf ogohlantirishini e’lon qilib, talafotlar katta bo‘lishi ehtimolini bildirdi. Mudofaa vazirligi eng katta zarar Balx va Samangan viloyatlarida kuzatilganini bildirdi.
Afg‘oniston zilzilalarga eng moyil hududlardan biri bo‘lib, u ikki faol geologik uzilma ustida joylashgan. Avgust oyidagi zilzila va keyingi silkinishlar oqibatida 2200 dan ortiq kishilar halok bo‘lgandi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Afg‘onistonda sodir bo‘lgan zilzila O‘zbekistonda ham sezilgani haqida xabar bergan edi.