Markaziy Osiyodan Qo‘riq portiga poyezdlar jo‘natish to‘xtatildi

Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi (MDH)ga a’zo davlatlarning temir yo‘l transporti bo‘yicha kengashi direksiyasi O‘zbekiston va Qirg‘izistondan Qozog‘istonning Qo‘riq portiga yuklarni jo‘natishni 20-noyabrgacha taqiqladi.
Ushbu cheklov tashabbuskori Qozog‘iston temir yo‘li korxonasi bo‘ldi. Mazkur choralar Tojikiston va Turkmanistondan keladigan yuklarga ham tatbiq etiladi. Cheklovga portda yuzlab yuk vagonlari to‘planib qolgani sabab bo‘lgan.
Qo‘riq porti Qozog‘istonning Mang‘istau viloyatida, Kaspiy dengizi qirg‘og‘ida joylashgan. U 2018-yilning yozidan buyon faoliyat yuritadi. Port tarkibida logistika markazi va 54 vagongacha tashish imkoniyatiga ega parom kompleksi mavjud.
Parom floti orqali Markaziy Osiyodagi davlatlardan yuklar Ozarbayjon orqali Yevropa mamlakatlariga tranzit tarzda yetkaziladi.
Avvalroq Malayziya kompaniyasi O‘zbekistonda uchta quruqlik portini qurishni rejalashtirayotgani xabar qilingandi. Unga ko‘ra, kompaniya hozirda Andijon viloyatidagi O‘zbekiston – Qirg‘iziston chegarasi yaqinida, Termiz shahrida va Buxoro viloyatining Olot tumanida quruqlik portlari qurish imkoniyatlarini ko‘rib chiqmoqda.